MOQ prezidenti va O`FA 1-vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov bugun 41 yoshni qarshi oldi

16.05.2018

MOQ prezidenti va O`FA 1-vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov bugun 41 yoshni qarshi oldi

 

 

Bugun O`zbekiston milliy olimpiya qo`mitasi prezidenti va O`zbekiston futbol assotsiatsiyasi 1-vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov 41 yoshni qarshi oldi.

 

Umid Ahmadjonov 2017 yilning 12 sentyabrida o`tkazilgan O`zbekiston Futbol Federatsiyasining navbatdagi hisobot-saylov konferentsiyasida O`zbekiston Futbol Federatsiyasining yangi prezidenti etib saylangandi.

 

2018 yilning 16 yanvar kuni esa O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi majlislar zalida o`tgan navbatdan tashqari hisobot-saylov bosh Assambleyasida Umid Ahmadjonov O`zbekiston milliy olimpiya qo`mitasi prezidenti etib saylandi.

 

Umid Ahmadjonov futbol federatsiyasiga prezident etib saylangach, mamlakat futbolida tub o`zgarishlar, ijobiy islohotlar boshlandi.

 

Birinchi navbatda O`zbekistonda bolalar futbolini rivojlantirish, bu borada futboli rivojlangan mamlakatlardagi kabi tizimni yaratish masalasiga alohida ahamiyat qaratildi. Xorijdan kuchli mutaxassislar yurtimizga jalb qilinib, hududlarda bolalar futbolini rivojlantirish bo`yicha ish boshlandi. Shuningdek, Umid Ahmadjonov milliy chempionatimiz saviyasini oshirish, muxlislarni stadionlarga jalb qilish borasida ham qisqa vaqt ichida ko`plab chora-tadbirlarni amalga oshirdi. Bu islohotlar natijasida milliy chempionatimiz formati o`zgartirilib, Superliga va Pro-liga tashkil qilindi. Muxlislar yana stadionlarga qaytishni boshladi. Eng muhimi maydonda yana haqiqiy kurash, sport tamoyillari asosidagi raqobat yuzaga keldi.

 

Bundan tashqari, Umid Ahmadjonov O`zbekistonning turli yoshdagi terma jamoalarining xalqaro maydonlardagi natijalarini yaxshilash borasida ham keng ko`lamli chora-tadbirlarni amalga oshirdi. Buning natijasida O`zbekistonning 23 yoshgacha bo`lgan terma jamoasi shu yil boshida Xitoyda bo`lib o`tgan Osiyo chempionatida g`alaba qozonib, chempionlikka erishdi.

 

O`zbekiston milliy terma jamoasi uchun kuchli raqiblar bilan o`rtoqlik o`yinlari tashkil qilindi. Jumladan, tarixda birinchi marta O`zbekiston milliy terma jamoasi uchun mundialga yo`llanma olgan Marokash, Senegal, Urugvay kabi terma jamoalar bilan Jahon chempionati oldidan o`rtoqlik o`yinlari tashkil qilindi va tashkil qilinmoqda.

 

Umid Ahmadjonov boshchiligida Milliy olimpiya qo`mitasi va O`zbekiston futbol assotsiatsiyasida jonkuyar, fidoiy, mehnatkash ahil jamoa jam bo`lgan bo`lib, ushbu jamoa katta maqsadlar sari olg`a bormoqda. Asosiy maqsad o`zbek sporti, xususan, o`zbek futbolini jahonda o`z o`rniga ega bo`lishini ta`minlash, xalqaro maydonlarda yurtimiz sharafini munosib himoya qilish, terma jamoalarimiz Jahon chempionatlari va Olimpiyada o`yinlariga yo`llanmalarini qo`lga kiritishiga erishish.

 

Eng muhimi muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning yuksak ishonchlarini oqlash, katta g`alabalar va oliy natijalar bilan Prezidentimizni, xalqimizni xursand qilish.

 

Bu yo`lda O`zbekiston futbol jamoatchiligi va o`zbek futbol muxlislari nomidan Umid Muhammadjonovichga mustahkam sog`liq, uzoq umr, oilaviy xotirjamlik, kuch-quvvat tilab qolamiz!

 

 

O`zbekiston futbol assotsiatsiyasi

cola
apex
mib
mib
mib
mib