O`zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan yurtimizda futbolni rivojlantirish va ommalashtirish, sog`lom turmush tarzini targ`ib qilish borasida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2018 yil 16 martdagi PQ-3610-sonli “Futbolni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qaroriga asosan Toshkentdagi “Bunyodkor” stadioni O`zbekiston futbol assotsiatsiyasiga o`tganidan keyin stadionda “Ochiq eshkilar” tadbirlari o`tkazilayotgani, yurtimizdagi maktab o`quvchilari hamda chet ellik mehmonlar, sayyohlar uchun “Bunyodkor” stadioniga ekskursiyalar uyushtirilayotgani haqida xabar berib o`tgandik.
“Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan yurtimizdagi keksalar va faxriylar uchun “Bunyodkor” stadioniga ekskursiya uyushtirildi.
Sayohat davomida stadion ma`murlari yoshi ulug` futbol muxlislariga stadionning diqqatga sazovor joylarini, jumladan, “Bunyodkor” klubi muzeyi, matbuot anjumanlari xonasi, futbolchilar kiyim almashtirish xonalarini ko`rsatishdi.
Bu kabi sayohatlar kelgusida muntazam ravishda davom ettirilib,respublikamizning barcha hududlaridagi futbol muxlislari, ishqibozlar, talabalar, maktab o`quvchilari, jajji bolakaylar uchun stadion bo`ylab ekskursiyalar tashkil qilinishi rejalashtirilgan.