Ayni kunlarda yurtimizda 9 may umumhalq bayrami - "Xotira va Qadrlash kuni"ning shukuhi kezib yuribdi. Ikkinchi jahon urushining tugaganligiga, nemis-fashistlarning ustidan G`alaba qozonilganiga 73 yil to`layotgan bo`lsada, ammo hali-hanuz urush xotiralari yurtdoshlarimiz ongu shuurida saqlanib kelmoqda. Chunki, ushbu qonli jangu jadallarda birgina O`zbekistonimizning o`zidan 500 mingdan ziyod eng sara yigit-qizlar ishtirok etishgan, ularning aksariyat qismi janggohdarda halok bo`lishgan, qaytganlari esa mayib-majrux, nogiron bo`lib qolishgandi. Front orti deb atalmish yurtimizda esa turmush o`rtoqlarini, o`g`illarini, otalarini urushga jo`natgan onalar, qiz-juvonlar, bolalar o`ta og`ir sharoitlarda tunu kun front uchun mehnat qilib, G`alabaga ulkan hissa qo`shganlar.
Albatta, bugun bularning hammasi tarixga aylanib ulgurdi. Biroq, xalqimiz o`zining bu tarixini sira yoddan chiqarmaydi. Shuning uchun ham 9 may umumxalq bayrami - "Xotira va Qadrlash kuni" deb belgilanib, har yili an`anaviy tarzda shu kunlari Ikkinchi jahon urush qatnashchilariga alohida mehr-muruvvat, e`tibor qaratiladi, ular bilan uchrashuvlar tashkil etiladi, xotiralarini tinglash uchun tadbirlarga taklif etishadi. Ammo yillar o`tgan sayin Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari soni kamayib boryapti.
Bugungi kunga kelib, birgina Quvasoy shahrining o`zida 2 nafar urush qatnashchilari qoldi. Biri Namuna qishlog`ida yashovchi 92 yoshli Karimbobo Madaliev, ikkinchisi esa Quvasoy shahrining o`zida istiqomat qilayotgan 96 yoshli Orif ota Mo`minovlardir. Kuni kecha "Neftchi" professional futbol klubi raisi Mo`ysinjon Mehmonovning tashabbusi bilan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining holidan xabar olinib, har biriga ijtimoiy jihatdan qo`llab-quvvatlash maqsadida 1,5 million so`mdan xayriya pullari, sovg`a-salomlar, meva-shirinliklar hamda guldastalar taqdim etildi. Bu kabi tadbirlar klub rahbariyati tashabbusi bilan shu kunlarda yana davom etishi rejalashtirilmoqda.
"Neftchi" matbuot xizmati