O`zbekistonlik yosh darvozabon va yosh jurnalist “Futbol do`stlik uchun” loyihasida ishtirok etadi

26.04.2018

O`zbekistonlik yosh darvozabon va yosh jurnalist “Futbol do`stlik uchun” loyihasida ishtirok etadi

Avval xabar berganimizdek, FIFA va futbol bo`yicha Jahon chempionatining rasmiy hamkori – “Gazprom” kompaniyasi o`zaro hamkorlikda “Futbol do`stlik uchun” ijtimoiy loyihasining 6-mavsumiga start berdi. 2018 yilda mazkur loyiha 211ta mamlakat vakillarini o`zida jamlaydi.

Loyihaning final tadbirlari shu yilning 8–15 iyun kunlari Moskva shahrida o`tkaziladi. O`zbekiston futbol Assotsiatsiyasi ikkinchi marta “Futbol do`stlik uchun” loyihasida ishtirok etadi.

Qur`a natijasiga ko`ra, bu yil ham musobaqalarda yurtimiz sharafini yosh darvozabon himoya qiladi.

Musobaqa shartlariga ko`ra, futbolchi 10–12 yoshda bo`lishi, 2 yillik futbolchilik tajribasiga ega bo`lib, ingliz tilini bilishi va boshqalar bilan kirishimli bo`lishi kerak. Shu maqsadda, O`zbekiston futbol Assotsiatsiyasi mamlakatdagi futbol klublarning yosh darvozabonlari orasida tanlov o`tkazgan edi.

Tanlovda “Bunyodkor”, “Neftchi”, “Nasaf”, “Lokomotiv” va “Paxtakor” klublarining jami tarbiyalanuvchilari ishtirok etishdi. Nomzodlarni saralash ikki bosqichda bo`lib o`tdi.

Dastlab darvozabonlarning maydondagi hatti-harakati, jismoniy holati va boshqa ko`rsatkichlari sinovdan o`tkazildi. Sinovlar Anvar Rashidov, Marat Galimov va Ruslan Ahmedxonov kabi darvozabon murabbiylari mutaxassislari nazorati ostida o`tdi.

Birinchi bosqichdan “Nasaf” darvozaboni Asilbek No`monov, “Paxtakor” vakili Daniel Li hamda “Bunyodkor” a`zosi Muslim Abdumannopov muvaffaqiyatli o`tdi.

“Futbol do`stlik uchun” xalqaro loyiha bo`lgani sababli ikkinchi bosqichda nomzodlarning rus va ingliz tili borasidagi bilimlari sinovdan o`tkazildi. Yosh darvozabonlar bilan olib borilgan qiziqarli va mazmunli suhbatdan keyin “Bunyodkor” tarbiyalanuvchisi, 2006 yilda tavallud topgan Muslim Abdumannopov xalqaro loyihada O`zbekiston sharafini himoya qilish uchun tanlab olindi.

Bundan tashqari, O`zbekiston futbol Assotsiatsiyasi tomonidan o`tkazilgan monitoring natijalariga ko`ra, 12 yoshli Mardon Marupov yosh jurnalist sifatida mazkur loyihada O`zbekistondan ishtirok etish huquqiga ega bo`ldi.

25 aprel – Butunjahon futbol va do`stlik kuni munosabati bilan dunyoning 200 dan ortiq mamlakatida do`stlik, o`zaro hurmat va sog`lom turmush tarziga bag`ishlangan bayramona tadbirlar bo`lib o`tdi.

O`n minglab bolalar va kattalar o`rtoqlik o`yinlari, ochiq mashg`ulotlar, fleshmob va sport bayramlarida ishtirok etishdi. Shu kuni, umuminsoniy qadriyatlar – tenglik, turli madaniyatlarga hurmat va tinchlikni qadrlaydiganlar “Gazprom” kompaniyasining Xalqaro bolalar ijtimoiy dasturi timsoli bo`lmish ko`k-yashil rangli do`stlik bilaguzugini bir biriga taqib qo`yishdi. Bilaguzukning ko`k tolasi musaffo osmon, yashil tolasi esa futbol maydoni timsolidir. Butun dunyo bo`ylab ishtirokchilarni taniqli futbolchilar, murabbiylar, teleboshlovchi va artistlar, shuningdek, davlat tizimida ishlaydigan vakillar qo`llab-quvvatlashdi.

Qayd etish kerakki, Toshkent shahrida futbol va do`stlik kuni 15 may kuni O`zbekiston futbol Assotsiatsiyasining sun`iy qoplamali maydonida tashkil qilinadi. Ushbu tadbir umumta`lim maktablarining 2009 yilda tug`ilgan o`g`il bolalari va 2007 yilda tavallud topgan qizlarining OFK bolalar-o`smirlar va ommaviy futbol kuniga bag`ishlangan festival doirasida o`tkaziladi.

Mazkur festivalda “Futbol do`stlik uchun” loyihasining O`zbekiston nomidan elchisi – “Bunyodkor” futbol maktabi darvozaboni Muslim Abdumannopov va yosh jurnalist Mardon Marupov ishtirok etadi.

 

Bo`lajak tadbir barcha ishtirokchilarda ko`plab ijobiy taassurotlar qoldirishi aniq. Yosh qatnashchilar turli o`yin stantsiyalariga ajratilgan maydonda o`z mahoratini namoyish qiladi. Ular bir nechta guruhga ajratilib, har bir guruh o`z murabbiyiga ega bo`ladi. Festival yakunlangach, loyiha ishtirokchisi – yosh elchi Muslim Abdumannopov va yosh jurnalist Mardon Marupov festival ishtirokchilariga do`stlik bilaguzuklarini taqqan holda yangi do`stlar orttirib oladi.

cola
apex
mib
mib
mib
mib