Ayollar jamoalari o`rtasida o`tkazilayotgan mamlakat chempionatining 5 va 6-tur doirasidagi bir qataor o`yinlar muddatida o`zgarish bo`ldi.
Jumladan, AGMK klubi bosh direktori I.Yuldashevning 6 apreldagi 194-sonli xatida chempionatning 5-turidagi AGMK – “Neftchi” jamoalari uchrashuvini 25 apreldan 24 aprelga ko`chirish so`ralgan. Sababi, AGMK klubining Superliga, Yoshlar va ayollar jamoalari chempionatning uy uchrashuvlarini mazkur markaziy stadionda o`tkazadi. 25 aprelga Yoshlar ligasining 8-tur doirasida “Nasaf”ga qarshi o`yini belgilangan.
Murojaat qanoatlantirildi. Ayollar chempionatining 5-tur doirasidagi AGMK – “Neftchi” jamoalari uchrashuvi 25 apreldan 24 aprelga ko`chirildi.
Shuningdek, “Metallurg” klubi bosh direktori A.Ma`rufalievning 23 apreldagi 185-sonli hamda “Bunyodkor” klubi bosh direktori M.Alievning 23 apreldagi 01/188-sonli xatlari ham inobatga olindi.
Mamlakat futzal terma jamoasining o`quv-mashg`ulot yig`ini va Osiyo chempionatida ishtirok etishi, bunda yuqorida tilga olingan klublarning uch nafardan ko`p a`zolari terma jamoaga nomzod ekanliklaridan kelib chiqib ularning ishtirokidagi quyidagi o`yinlar sanasiga o`zgartirishlar kiritildi:
5-tur. “Qizilqum” – “Metallurg” va “Buxoro” – “Bunyodkor” jamoalarining 25 apreldagi o`yinlari 16 iyunga ko`chirildi.
6-tur. “Qizilqum” – “Bunyodkor” va “Buxoro” – “Metallurg” jamoalarining 28 aprelga belgilangan o`yinlari 19 iyunga ko`chirildi.
Eslatib o`tamiz, futzal bo`yicha ayollar terma jamoamiz 25 aprelda navbatdagi o`quv-mashg`ulot yig`iniga kirishadi. Besh kunlik mashg`ulotlardan so`ng ikkinchi marotaba o`tkazilayotgan Osiyo chempionatida ishtirok etish uchun Tailandga jo`nab ketadi. 2-12 may kunlari Bangkokda tashkil etiladigan qit`a chempionatida qizlarimiz musobaqaning “D” guruhida Turkmaniston va Eron termalariga qarshi bahs olib boradi.