2018 yilning “Faol tadbirkorlik, innovatsion g`oyalar va texnologiyalarni qo`llab-quvvatlash yili” deb nomlanishi va tadbirkorlarga keng imkoniyatlar yaratib berilayotgan shijoatli yoshlarga o`zgacha kuch bag`ishlayotgani hech kimga sir emas.
Bundan tashqari, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Futbolni rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Qarori ham mamlakatimizda futbolni yanada rivojlantirish uchun o`z hissasini qo`shish istagida bo`lgan yoshlarning g`ayratiga-g`ayrat qo`shgani shubhasiz.
15 aprel kuni Farg`onada mana shunday g`amxo`rliklarning samarasi o`laroq yangi “Real Sport” innovatsion futbol klubi qoshidagi bolalar futbol maktabi o`z faoliyatini boshladi. Farg`onalik uch nafar yosh va shijoati baland tadbirkorlar tomonidan tashkil etilgan ushbu sport maskanida 3 yoshdan 12 yoshgacha bo`lgan bolakaylar futbol sirlarini o`rganib borishadi. Ularga OFKning “S” litsenziyasiga ega bo`lgan to`rt nafar murabbiylar tahsil berishadi. Bular Jasurbek Mirzaboev, Farrux Adilov, Shohjahon To`xtasinov va Javohir Hakimov.
Kecha ushbu maskanda bolalar futbol maktabining rasmiy ochilish marosimi bo`lib o`tdi. Marosim yuqori saviyada tashkillashtirildi. Dastavval futbol klubi va maktabi joylashgan Farg`ona shahar “To`qimachilar” istirohat bog`ida bolajonlar uchun kontsert dasturi tashkil etildi.
Ochilish marosimida Farg`ona viloyati hokimligi, O`zbekiston yoshlar ittifoqi Farg`ona viloyati kengashi, Farg`ona viloyati futbol assotsiatsiyasi vakillari ishtirok etishdi. Ochilish marosimi so`nggida futbol maktabiga birinchilardan bo`lib a`zo bo`lgan 50 nafar yosh futbolchilarga klub futbolkalari sovg`a sifatida taqdim etildi. Shundan keyin bolajonlar o`z yoshi toifasiga ajratilib, mashg`ulotlarga kirishishdi. Mashg`ulot jarayonini ota-onalar bevosita kuzatib borishdi.
- Yurtimizda sportga, xususan, futbolga bo`lgan yuskak e`tibor bizni mana shunday g`oyalarimizni amalga oshirishga sabab bo`ldi, - deydi “Real Sport” innovatsion futbol klubi direktori Shuhrat Egamberdiev. – Klubimiz qoshidagi bolalar futbol maktabining asosiy maqsadi o`sib borayotgan yosh avlodni sog`lom bo`lib voyaga etishishga, kelajakda professional o`yinchi sifatida ulkan yutuqlarni qo`lga kiritishida ko`maklashishdan iborat. Futbol maktabi murabbiylari jajji futbolchilardan kelajakda Osiyo va Jahon chempionlari etishib chiqishlari uchun eng shimarib ishga kirishishgan. Rejalarimiz, qiladigan ishlarimiz hali ko`p. Bizning futbol maktabimizda tahsil olayotganlar orasida professional futbolchilar etishib chiqishi va kelajakda yurtimiz sharafini Jahon arenalarida munosib himoya etishi yo`lida tinimsiz mehnat qilishga tayyormiz. Yana bir maqsadimiz - tarbiyalanuvchilarimizni dunyoning mashhur jamoalarining etakchi o`yinchilariga aylantirishdir.
Chindan ham, Farg`ona shahrida birinchi marta jajji bolajonlar uchun mo`ljallangan futbol maktabi ulkan maqsadlar yo`lida o`z ishini boshladi. Ushbu maksanda murabbiylik qilayotgan mutaxassislar esa o`z ishining ustalari sanalishadi.
Bugun farg`onalik jajji futbolchilarning quvonchi cheksiz. Ular millionlar o`yini sir-asrorlarini o`rganishlari uchun barcha sharoitlar muhayyo qilingan.
Farg`onalik yosh tadbirkorlar boshlagan ulkan ishlariga rivoj tilab qolamiz.
Aytgancha, futbol maktabida mashg`ulotlar har kuni ikki mahal o`tkaziladi. Bolalarga o`z yoshidan kelib chiqqan holda vazifalar beriladi.
Abror Dehqonov