O`zbekiston Professional futbol ligasi direktori Omon G`ofurov Ispaniyaga tashrif buyurib, “Real Madrid” akademiyasi rahbariyati bilan uchrashgani haqida avval xabar qilgandik. Uchrashuv davomida “Real Madrid” akademiyasi bilan o`zaro hamkorlik qilish, O`zbekistonda “Qirollik klubi” akademiyasini ochish bo`yicha ish tartibi kelishib olingani haqida avval berib o`tgandik.
Kecha Omon G`ofurov Madridda La Liga qarorgohida bo`lib, tashkilot vakillari bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida Ispaniya chempionati musobaqalarini o`tkazish, translyatsiya masalalari, marketing yo`nalishida olib borilayotgan ishlar bo`yicha o`z tajribalari bilan o`rtoqlashdilar. Mana shu masalalarga bag`ishlangan 8 soatlik taqdimot marosimi PFL bosh direktori Omon G`ofurovga namoyish qilindi.
Shundan so`ng Omon G`ofurov La liga bosh direktori Xaver Gomes bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida ikki tomonlama hamkorlik bo`yicha kelishuvga erishildi. La liga bosh direktori o`zbek futboli rivojiga hissa qo`shishga, mutaxassislarni O`zbekistonga yuborib, turli seminarlar tashkil qilish va tajribalari bilan o`rtoqlashishga tayyor ekanini ma`lum qildi.
Uchrashuv oxirida 2020 yilga qadar mo`ljallangan ikki tomonlama hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu memorandumga ko`ra, La liga mutaxassislari marketing, futbolga oid turli dasturlar, klublar bilan ishlash, transyaltsiyalar va boshqa ko`plab masalalar bo`yicha yurtimizdagi mutaxassislarga yordam beradigan bo`lishdi.