Bugun O`zbekiston Futzal Assotsiatsiyasi majlislar zalida Superliga klublari direktorlari va stadionlar direktorlari ishtirokida majlis o`tkazildi.
Ushbu majlisda, klublar va stadionlar infratuzilmasini yanada yaxshilash, muxlislarni yana stadionlarga qaytarish, muxlislar tashrifini oshirish, barchani futbol bo`yicha O`zbekiston chempionati uchrashuvlariga jalb etish bo`yicha chora tadbirlar ko`rib chiqildi.
Ushbu majlisda O`zPFL Bosh direktori o`rinbosari Mirsardor Alimov stadionlarga muxlislarni jalb etish borasida klublar nimalarga e`tibor qaratishi kerakligi va bu borada amalga oshirilayotgan ishlar borasida yig`ilganlarga ma`lumot berdi. Jumladan, ayni damda O`zbekiston Futbol Assotsiatsiyasi mas`ul xodimlari futbol bo`yicha O`zbekiston Chempionati uchrashuvlariga muxlislarni jalb etish uchun yangiliklar va yangi loyihalar qilayotgani, hatto O`zbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi bilan hamkorlik qilish uchun ishlar amalga oshirilayotganini ta`kidladi.
Ammo shunga qaramay stadionlarga ishqibozlarni yanada ko`proq jalb qilish, Superliganing har bir o`yinida stadionlar to`lishini, stadionda bayramona muhit hukmronlik qilishi uchun yana qator chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligi haqida aytib o`tdi. Bu borada tayyorlangan maxsus taqdimot yig`ilganlarga namoyish qilinib, stadionlarga kelayotgan muxlislar orasida muxlislik madaniyatini shakllantirish borasida amalga oshirilishi kerak bo`lgan ishlar haqida tushuntirish berildi.
Muxlislarni stadionlarga jalb qilishda O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi, Yoshlar Ittifoqi, “Mahalla” xayriya jamg`armasi va “O`zbekturizm” bilan hamkorlikda ish olib borishga ham alohida ahamiyat qaritildi. Jumladan, yurtimizdagi maktabgacha ta`lim muassasalari katta guruhlari va o`rta maktablarning 1-4-sinf o`quvchilari uchun stadionlarga ekskursiyalar uyushtirish, stadionlarda jajji bolakaylar uchun qo`shimcha attraktsionlar barpo qilish zarurligi ma`lum qilindi. Bundan tashqari, Oliy o`quv yurtlarida ta`lim olayotgan talabalar talabalik guvohnomalarini ko`rsatgan holda stadionlarga bepul tashrif buyurishlarini yo`lga qo`yish ham ta`kidlab o`tildi. Chet ellardan O`zbekistonga kelayotgan turistlar uchun stadionlarimizga turlar uyushtirish masalasi ham ko`rib chiqildi.
Bundan tashqari, ikki kundan keyin boshlanadigan Pro-liga uchrashuvlarining ochilish marosimlarini ham xuddi Superliga o`yinlari ochilish marosimlari kabi bayramona ruhda o`tkazish, uchrashuvlardan avval turli dasturlar tayyorlash borasida fikr almashildi.