Bolalar futboli: “Nasaf” tarbiyalanuvchilari Qatarda

01.04.2018

Bolalar futboli: “Nasaf” tarbiyalanuvchilari Qatarda

 

 

Xabaringiz bor, o`tgan yilning 17 oktyabr kuni O`zbekiston futbol Assotsiatsiyasining birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov Qatar futbol Uyushmasining prezidenti Shayx Hamad bin Xalifa Ahmad ol Taniyning taklifiga ko`ra Dohaga xizmat safari uyushtirib, Qatar futboli mansabdor shaxslari bilan uchrashgandi.

 

Uchrashuv chog`ida tomonlar O`zbekiston va Qatar futbolini yanada rivojlantirish uchun hamkorlik aloqalarini kuchaytirish yo`lida memorandum imzolagandilar. Shuningdek, Umid Ahmadjonov Qatardagi dunyoga mashhur “Aspire” akademiyasiga tashrif buyurib, u erdagi sharoitlar bilan tanishgan holda, O`zbekistonda ham ana shu tajribani yo`lga qo`yish borasidagi hamkorlik masalasida kelishuvga erishgandi.

 

Qatarning dunyoga mashhur “Aspire” jamoasi Osiyoning eng yaxshi akademiyalari tarbiyalanuvchilari ishtirokida tashkil etayotgan musobaqaga, ikki mamlakat futbol assotsiatsiyalari o`rtasidagi memorandumga asosan O`zbekistondan ham futbolchilarni taklif etdi.

 

2017 yil yakuniga ko`ra O`zbekistonning eng yaxshi akademiyasi sifatida e`tirof etilgan “Nasaf” futbol maktabining bir emas uchta yosh toifasidagi guruhlari kecha Qatarga jo`nab ketgandi.  Ular Qatarning Doha shahriga eson omon etib borishdi. Yosh futbolchilardan iborat vakillarimizni mezbonlar iliq kutib olishdi. Yosh futbolchilarimiz Doha shahridagi besh yulduzli “TORCH” mehmonxonasiga joylashishgan, bugun “Aspire” akademiyasida mashg`ulot ham o`tkazishdi. Ertaga tarbiyalanuvchilarimiz bahsga kirishadi.

 

Demak, o`ziga xos xalqaro turnirda ishtirok etadigan jamoalarimiz  - Nurali Sultonov va Nasim Shoyimov murabbiyligidagi 2000 yilda tug`ilganlar, Pavel Kshnyakin ustozligidagi 2001-2002 yilda tug`ilganlar hamda  Umar Rahmatullaev va Jasur Ibrohimov bosh murabbiylik qilayotgan 2003 yilda tavallud topgan futbolchilar.  Jamoalarning har biri 16 nafar yosh futbolchilardan iborat. Shuningdek, jamoalarimizga  darvozabonlar murabbiyi Mixail Naumov hamda shifokor Sunnat Saxaddinovlar hamkorlik qilishmoqda.

 

Qatardagi musobaqa ertaga start oladi va 4 aprelga qadar davom etadi. Har bir yosh toifasidagi jamoalarimiz ikkitadan uchrashuv o`tkazishadi. Shuningdek, jamoalarimiz qatarlik tengdoshlari bilan bittadan o`rtoqlik uchrashuvlarida ham maydonga tushishadi.

 

 

Delegatsiyaga “Nasaf” futbol maktabi direktori Sergey Kucherenko rahbarlik qilmoqda.

cola
apex
mib
mib
mib
mib