Avval xabar berganimizdek, O`zbekiston futbol assotsiatsiyasi maydonida O`FA tavsiyasiga binoan Toshkent shahar futbol federatsiyasi tashabbusi bilan 2004 yilda tavallud topgan futbolchilar o`rtasida "Navro`z festivali" turniri boshlangan edi. Bugun festival tarzda tashkillashtirilgan bahslar nihoyasiga etdi.
Dastlabki uchrashuda “Paxtakor” jamoasi yoshlari Namanganning "Odil Junior" jamoasini mag`lubiyatga uchratishdi. Ikkinchi o`yin “Lokomotiv” va “Nasaf” futbol akademiyalari o`rtasida kechdi. Uchrashuvning so`nggi daqiqalarigacha hisob 2:2 ko`rinishida edi, sanoqli daqiqalar qolganda poytaxtliklar hal qiluvchi to`pni kiritishdi.
Festivalni tashkil etishdan maqsad natija emas, balki 14 yoshli o`smirlar terma jamoasiga nomzodlar saralab olish edi. Mazkur terma jamoa bosh murabbiy Azamat Abduraimov boshchiligidagi selektsionerlar uchrashuvlarni kuzatish jarayonida iste`dodli yoshlarning ro`yxatini tuzishga erishdilar. Unga ko`ra, “Paxtakor”, “Bunyodkor” va “Nasaf” jamoalaridan 5-6 nafardan, “Lokomotiv”, “Spartak” va "Odil Junior" jamoalaridan 1-2 nafardan nomzodlar termaning dastlabki tarkibiga kiritilishdi. Mazkur saralangan tarkib ertaga "Bunyodkor" futbol akademiyasida “Bunyodkor”ning 15 yoshli tarbiyalanuvchilariga qarshi nazorat o`yinida maydonga tushishi belgilangan.
Tabiiyki, bu tarkib Abduraimov uchun yakuniy emas, tarkib yil davomida shakllanib borilishi bosh murabbiyning ish rejasidan o`rin olgan. Qolaversa, yaqinda 14 yoshlilar o`rtasida O`FA taqvimi doirasida o`tadigan turnirdan keyin yana tarkibga bir qator nomzodlar kiritilishi belgilangan. Shu turnirlar so`nggida yuz nafarga yaqin kengaytirilgan tarkib tuzilishi, aprel, mart va may oylarida tashkil etiladigan o`quv-mashg`ulot yig`inlari davomida yoshlar saralab olinishi va yakunda 30-40 nafarli tarkib shakllantirilishi bo`yicha reja ishlab chiqilgan.
Ish rejasida shu yilning yoz oylarida Markaziy Osiyo davlatlarining birida aynan shu yoshdagi o`smirlar o`rtasida Markaziy Osiyo davlatlari o`rtasida o`ziga xos xalqaro turnir o`tkazish ham o`rin olgan.
24 mart.
"Paxtakor" - "Odil Junior" – 3:1
"Lokomotiv" - "Nasaf" – 3:2