Yangi mavsumga jiddiy tayyorgarlki ko`rayotgan Jizzaxning “So`g`diyona” jamoasi kecha o`z maydonida ilk bor xalqaro o`yinda maydonga tushdi. Qo`shni Qozog`iston davlatidan tashrif buyurgan va mamlakat ayollar chempionati oliy ligasining etakchilaridan hisoblangan “Oqjetpes” jamoasiga qarshi kechgan o`yinda tajriba o`z so`zini aytda - qozog`istonliklar 2:0 hisobida g`alaba qozonishdi.
Aslida Evropa futboli havosini olgan tajribali raqib bilan tengma-teng kurash olib borgan jamoa a`zolari tomoshabinlarda iliq taassurot qoldirganligi bor gap. Urashuvning 3 daqiqasidayoq o`z darvozasidan gol o`tkazganiga qaramay, jizzaxlik qizlar raqibga tashabbusni bermaslikka intilishdi.
Birinchi bo`lim davomida asosan raqib xujumlarini bartaraf etish va to`p nazoratini o`zida saqlashga intilgan Sherali Boboqulov shogirdlari ikkinchi bo`limda o`zgacha o`yin ko`rsatishdi. Qanotlar va markazdan xujumlar tashkil etildi. Bir necha marotaba jarima zarbalari orqali raqib darvozasi oldida xavfli vaziyatlar yuzaga keltirildi. Ammo tajriba yana o`z so`zini aytdi. Qozog`istonliklar 68-daqiqada ikkinchi golni ham urishga muvaffaq bo`lishdi.
Asosan 19-23 yoshgacha bo`lgan mahalliy futbolchilardan iborat “So`g`diyona” kuchli legionerlarni tarkibda jamlagan raqibga qarshi mardonavor o`yin ko`rsatdi...
«So`g`diyona» - «Oqjetpes» (Qozog`iston) - 0:2
Hakamlar: Muzaffar Fayzullaev, Kattabek Abdurahimov, Feruzbek G`aniev.
Gollar: Olga Osipyan (3), Zarina Shmit (68).
Ogohlantirish: Shaxlo Qodirova (19).