Ancha shov-shuvga sabab bo`lgan Superliga mavsumi boshlanganiga ham salkam bir oy bo`lmoqda. Dastlabki uch tur musobaqa qonun-qoidasiga keskin o`zgartirishlar kiritilganligi, musobaqa Reglamenti yangicha talqin qilinganligi bejiz emasligini isbotladi. Futbolimizning yanada rivoj topa boshlaganligini jamoalar soni qisqargach chinakam raqobat yuzaga kelganligidan, futbolchilarda g`alabaga bo`lgan shijoat yanada ortganligidan, klublar Professionallik sari qog`ozda emas, amalda intilayotganligidan, stadionlarga muxlislar majburlikdan emas, ixtiyoriy ravishda shoshayotganligidan payqash mumkin bo`lmoqda.
Superliga katta yo`lga chiqib oldi, navbat Pro-liga, ayollar futboli va futzal musobaqalariga kelmoqda. Demak, bu yo`nalishda ham ma`lumotlar berish payti keldi. Mavzuni “Metallurg” klubi bilan boshlaymiz.
Ayollar futboli bo`yicha:
Jamoaning rasmiy nomi - “Metallurg-woman”. 2013 yilda tashkil topgan. Jamoa mashg`ulotlar o`tkazish, yashash va ovqatlanish uchun baza siftida Bekoboddagi “Metallurg” stadionidan foydalanadi. Buning uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Uy uchrashuvlarini A.Anoxin nomidagi hamda “Metallurg” stadionlarida o`tkazadi. Futbolchilar barcha kerakli jihozlar, sport kiyimlari bilan ta`minlangan. Jamoa foydalanishi uchun O`zmetkombinat tomonidan “Isuzi” avtobusi biriktirilgan.
Jamoa bosh murabbiyi Avaz Maksumov. Darvozabonlar murabbiyi Ilhom Xamzaliev. Jamoa boshlig`i Ravshan Xoliqov.
“Metallurg” qizlarining yangi mavsumdagi niyat va maqsadlari – faqat chempionlik va O`zbekiston Kubogi sohibi bo`lish.
Futzal bo`yicha:
Jamoaning rasmiy nomi “Metallurg”. 2016 yilda tashkil topgan. Barcha sharoitlarga ega bo`lgan “Metallurg” futbol klubi bazasidan foydalanadi.
Superligada raqiblarini Bekobod shahridagi “Yoshlik” sport zalida qabul qiladi. Futbolchilar barcha kerakli jihozlar va sport kiyimlari bilan ta`minlangan. Jamoaga O`zmetkombinat tomonidan mikroavtobus biriktirilgan.
Jamoa bosh murabbiyi mamlakat terma jamoasida uzoq yillar to`p surgan Nikolay Odushev. Futzal klubi sport direktori Sergey Kurochkin, texnik direktori Jo`ra Shoymardonov, katta murabbiy Roman Sokolovskiy. Jamoaning bu yilgi maqsadi kuchli oltilikka kirish.