Xabaringiz bor, O`zbekiston futbol assotsiatsiyasi maydonida O`FA tavsiyasiga binoan Toshkent shahar futbol federatsiyasi tashabbusi bilan 2004 yilda tavallud topgan futbolchilar o`rtasida "Navro`z festivali" turniri o`tkazilmoqda. Bugun ham ikkita uchrashuv tashkillashtirildi.
Avvaliga maydonda Namangandan kelgan "Odil Junior" poytaxtning “Spartak” jamoalari o`zaro kuch sinashishdi. Deyarli teng kurashlar ostida kechgan o`yinda yuzaga kelgan vaziyatlardan unumli foydalangan poytaxtliklar yirik hisobda yutuqqa erishishdi.
Ikkinchi o`yin “Bunyodkor” va “Nasaf” futbol akademiyalari o`rtasida kechdi. O`z omadlarini raqiblar jarima maydoni ichidan izlagan qarshiliklar birinchi bo`lib hisobni ochishdi ham. Ammo ko`p o`tmay o`z jarima maydoni ichida o`yin qoidasini buzishdi va yosh “qaldirg`ochlar” penaltidan hisobni tenglashtirishdi.
Ikkinchi bo`lim yanada qiziqarli o`tdi. “Bunyodkor” yoshlari raqib bilan ikki-uch bor yakkama-yakka qolgan holda gol urishning uddasidan chiqa olmagan bo`lsa, “Nasaf” a`zolari shuncha marotaba raqib jarima maydoni atrofida jarima to`pi tepish imkoniyatiga ega bo`lishdi, biroq zarbalarni golga aylantira olishmadi.
Eslatib o`tamiz, mazkur jamoalar o`rtasidagi uchrashuvlarni 14 yoshli o`smirlar terma jamoasi bosh murabbiy Azamat Abduraimov boshchiligidagi selektsionerlar kuzatib borishmoqda. Maqsad, o`smirlar terma jamoasiga nomzodlar saralab olish va kelasi yili o`tadigan Osiyo chempionatida munosib ishtirok etish.
22 mart.
"Spartak" - "Odil Junior" – 4:1
"Bunyodkor" - "Nasaf" – 1:1
24 mart.
"Paxtakor" - "Odil Junior"
"Lokomotiv" - "Nasaf"