"Futbol do`stlik uchun" loyihasi bo`yicha matbuot anjumani bo`lib o`tdi

07.03.2018

FIFA va futbol bo`yicha 2018 yilgi Jahon chempionatining rasmiy hamkori bo`lgan “Gazprom” kompaniyasi “Futbol do`stlik uchun” xalqaro bolalar loyihasining oltinchi mavsumi start olganini e`lon qildi.

Loyihaning asosiy maqsadi butun dunyodagi yosh avlod o`rtasida do`stlik, tinchlik, turli millat va madaniyat vakillariga hurmat kabi yuksak insoniy tushunchalarni targ`ib qilishdan iborat. 2018 yilda “Futbol do`stlik uchun” loyihasida 211ta mamlakat vakillari ishtirok etishadi. Mavsumning yakuni tadbirlari 8 iyundan 15 iyunga qadar Moskva shahrida bo`lib o`tadi.

2018 yilda O`zbekiston futbol Assotsiatsiyasi mazkur loyihada ikkinchi marta ishtirok etmoqda. Qur`aga ko`ra bu yil O`zbekiston sharafini yana yosh darvozabon himoya qiladi.

6 mart kuni O`FAga qarashli maydonda loyihada ishtirok etadigan yosh darvozabonni saralab olishning yakuniy bosqichi bo`lib o`tdi. Nomzodlarni saralab olish uch bosqichda o`tkazildi: sport ko`nikmalari va jismoniy holatni baholash, til bo`yicha bilimlar sinovi va o`zini namoyon qilish qobiliyati. Yosh darvozabonlarning mahoratiga bahoni Anvar Rashidov (“Paxtakor”), Marat Galimov (“Bunyodkor”) va Ruslan Ahmedxonov (“Lokomotiv”) kabi tajribali mutaxassislar berishdi. 
Nomzodni tanlab olish jarayonidan keyin O`FAning zalida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.

“Biz O`FA bilan yana hamkorlik qilish va loyihada yangi nomlarni ko`rishdan juda mamnunmiz. “Futbol do`stlik uchun” loyihasining asosiy maqsadi butun dunyodagi bolalarni birlashtirish. Loyiha 6-mavsumining o`ziga xosligi shundaki, joriy yilda ekologiya muammolariga katta ahamiyat qaratiladi.

Shu maqsadda butun dunyodan keladigan bolalardan tashkil topadigan futbol jamoalari nomi noyob va yo`qolib borayotgan jonivorlar nomi bilan ataladi. Ochiq qur`aga ko`ra sizning darvozaboningiz Mo`g`uliston, Lyuksemburg, Isroil, Kayman orollari va Gibratlardan keladigan bolalar bilan birgalikda “Western Gorilla” deb nomlanadigan jamoadan o`rin oladi”, - dedi loyiha tashkiliy qo`mitasi a`zosi Anastasiya Lyalkina.

Matbuot anjumani davomida yosh darvozabon Muslimbek Abdumannopov va yosh jurnalist Mardon Marupov yig`ilganlarga tanishtirildi.

12 yoshli Muslimbek Abdumannopov “Bunyodkor” klubi akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanib, 2016 yildan beri darvozabon sifatida o`ynab keladi. Uning shaxsiy rekordi bitta o`yinda 11ta seyvni amalga oshirgani hisoblanadi. Muslimbek Abdumannopovning kumiri – “Barselona” darvozaboni Mark Andre ter-Shtegen. Mardon Marupov maktabda a`lo baholarga o`qiydi, gumanitar fanlarni yoqtiradi, futbol, tennis va shaxmat o`ynash uning xobbisi.

“Mening fikrimcha, “Futbol do`stlik uchun” loyihasining asosiy maqsadi chet elga borib, sayyohat qilib kelish emas, balki turli mamlakatlardan kelgan bolalar bilan tanishish, ularning madaniyati, urf-odatlarini o`rganish, ular bilan do`stlashishdan iborat”.

“Futbol do`stlik uchun” loyihasining final bosqichi doirasida bu yil Moskvada quyidagi tadbirlar tashkil etiladi: Xalqaro do`stlik lageri, Turli millat va turli jins vakillari bo`lgan yosh sportchilar o`rtasidagi do`stlik uchun futbol bo`yicha 1-Jahon chempionati, Jahon va Rossiya futboli yulduzlari ishtirokida Xalqaro Bolalar futbol forumi.

“Futbol do`stlik uchun” loyihasini FIFA, UEFA, Xalqaro Olimpiya qo`mitasi kabi nufuzli tashkilotlar, Xalqaro bolalar jamg`armalari, futbol yulduzlari va faxriylari qo`llab-quvvatlashadi.

 

cola
apex
mib
mib
mib
mib