Ro`yxatdan o`tish navbati futzal va ayollar futboliga keldi

14.03.2018

Ro`yxatdan o`tish navbati futzal va ayollar futboliga keldi

 

Yangi mavsumda yangicha ko`rinishda start olgan Superliganing ikki turi ortda ham qoldi. Ikki tur yakunlari taassurotlari aksariyat muxlislarda ijobiy ekanligi sir emas. Jamoalarning qisqarishi, o`yin vaqtlarining kech soatlarga belgilanishi va yana boshqa sezilarli islohotlardan shubhaga borgan ba`zi futbol ishqibozlari shubhalari o`rinsiz ekanligini tan olayotganliklari ham bor gap. Superligaku o`z o`zaniga tushib oldi, endi navbat Pro-liga, futzal va ayollar futboliga ham etib  kelmoqda.

 

Avvallari oliy va birinchi liga (hozirgi superliga va Pro-liga) jamoalarini ro`yxatdan o`tkazish (“zayavka”) mas`uliyati PFL zimmasida bo`lib, futzal va ayollar futboli bo`yicha bu amallarni Assotsiatsiyalar bajarardi. Endi esa Assotsiatsiyalar tugatildi, ikkala futbol ko`rinishi ham PFL tarkibiga birlashdi. Demak, ro`yxatdan o`tkazish masalalarini ham endi PFLning shu soha mutaxassislari amalga oshirishmoqda.

 

Pro-liganing “Iftixor”, “Yozyovon”, “Istiqlol”, “Zomin”, “Norin”, “Xorazm”, “Bunyodkor-2”, “Paxtakor-2”, “Lokomotiv-BFK”, “G`ijduvon”, “Orol”, “Andijon”, “Mash`al”, “Sho`rtan” va “Dinamo” jamoalari ro`yxatdan o`tish dorasidagi dastlabki harakatlarni amalga oshirishdi. Jamoalar bugundan xujjatlardagi kamchiliklarni bartaraf etib, mavsumda qatnashish ruxsatini oluvchi so`nggi ro`yxat topshirishga kirishishdi. Bugun “Iftixor”, “Yozyovon” va “Istiqlol” jamoalari vakillari  PFLga tashrif buyurishdi. Ertaga “Zomin”, “Norin” va “Xorazm” jamoalarining navbati. 16 martda “Bunyodkor-2”, “Paxtakor-2”, “Lokomotiv-BFK”, 19 martda “G`ijduvon”, “Orol” va “Andijon”, 20 martda esa “Mash`al”, “Sho`rtan” va “Dinamo” jamoalari nazoratdan o`tadilar.

 

Shuningdek, 12 martdan futzal va ayollar chempionatida qatnashuvchi jamoalar ham futbolchilarini ro`yxatdan o`tkazishga kirishishgan. Futzal bo`yicha ro`yxatdan o`tishning so`nggi muddati 27 mart sanasiga belgilangan bo`lsa, ayollar futbolida klublar vakillariga 27 martga qadar imkoniyat berilgan. Futzal chempionatida Superliga klublari – 12ta jamoa qatnashadi, ayollar futbolida esa 12ta klubga qo`shimcha ravishda “Andijanka” va  “Sho`rtan” jamoalariga ham ruxsat berilgan.

 

 

Eslatib o`tamiz, Pro-liga mavsumiga 25 martda, futzal chempionatiga 30-31 martda, ayollar chempionatiga esa 1 aprelda start beriladi.

cola
apex
mib
mib
mib
mib