O`zbekiston futbol Assotsiatsiyasining taqvim rejasiga asosan Samarqand viloyatida 12 yoshli qizlar o`rtasida futzal bo`yicha Respublika birinchiligi bo`lib o`tdi.
Musobaqa qonun-qoidasiga ko`ra, uning birinchi bosqichi tuman va shaharlarda o`tishi, g`oliblardan tuzilgan viloyat terma jamoalari Samarqandda o`tadigan final bosqichiga yo`llanma olishi lozim edi. Ma`lum bo`lishicha, O`FA taqvimida belgilangan musobaqa bor-yo`g`i Andijon, Samarqand va Navoiy viloyatlarida tashkil etilgan, mazkur viloyatlar terma jamoalari esa belgilangan muddatda Samarqandga etib kelgan. Ammo boshqa hududlar bo`yicha vakillar final bosqichida ko`rinish berishmadi.
Samarqand shahrining “Futzal” sport majmuasida o`tkazilgan va uch jamoa o`rtasida kechgan bahslarda Andijon (4:3) hamda Navoiy (2:0) viloyatlari termasi ustidan ustunlikka erishgan maydon egalari birinchi bor o`tkazilgan mazkur musobaqaning g`olibi bo`ldi. Andijon va Navoiy viloyatlari terma jamoalari o`rtasidagi bahsda esa durang qayd etildi (3:3) va to`plar nisbatiga ko`ra andijonliklar ikkinchi o`rinni egallashdi. Turgan gapki, mag`lub uchinchi jamoa kichik bronza medali bilan taqdirlandi.
Respublika musobaqasining 14 yoshlilar (2004-2005 yillarda tug`ilgan qizlar) o`rtasidagi bahslar 22-27 mart kunlari Qarshi shahrining “Geolog”, 16 yoshlilar (2002-2003 yillarda tug`ilgan qizlar) o`rtasidagi o`yinlar esa 26-31 mart kunlari poytaxtdagi “Yoshlik” sport majmuasida o`tkazilishi rejalashtirilgan.