“Paxtakor” yangi mavsumga tayyorgarlik doirasida o`quv-mashg`ulot yig`inini BAAda o`tkazayotganidan xabaringiz bor. “Sherlar” Dubayda tashkillashtirilgan ikkinchi xorijiy yig`inida ikkinchi marotaba o`rtoqlik uchrashuvida maydonga tushishdi.
Avvaliga BAA yuqori ligasida ishtirok etuvchi, “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi Igor Sergeev to`p surayotgan "Al-Dafra" klubini 2:0 hisobida mag`lubiyatga uchratgan edi. Kecha navbatdagi o`yin BAA birinchi ligasi ishtirokchisi "Al-Hamriya" jamoasiga qarshi kechdi.
Birinchi liga ishtirokchisi "Al-Hamriya"ga qarshi kechgan uchrashuv aytish mumkinki, to`lig`icha “sherlar” ustunligi ostda kechdi. Shota Arveladze bu safar avvalgi o`yinda maydonga tushmagan futbolchilarga imkon berdi. Uchrashuv boshida raqib birinchi xavfli hujumini gol bilan yakunladi. Shundan keyin ketma-ket xavfli vaziyatlar sodir etgan "Paxtakor" ulardan foydalana olmadi. Sindarov va Hakimovning zarbalarini darvozabon qaytargan bo`lsa, Yaxshiboev, Iskanderov va Andreevga biroz aniqlik etishmadi. 42-daqiqada Ibrohimov to`pni chap qanotdan darvozabon ustidan oshirib tashlab, muvozanatni tikladi.
Ikkinchi bo`lim boshida "Hamriya" yana oldinga chiqib oldi. Shundan so`ng paxtakorchilarning yaqqol ustunligi sezildi. Iskanderov, Alijonov, Yaxshiboev va Hakimov tomonidan kiritilgan to`plar "Paxtakor"ning 5:2 hisobidagi yirik g`alabasini ta`minladi.
Bugun, yig`inning 7-kunida jamoa kunlik reja asosida kechki mashg`ulotlarini davom ettiradi. Navbatdagi nazorat o`yini esa 23 fevral kuniga belgilangan.
Jamoa Dubaydan 10 daqiqali masofada, Nad Al Sheba hududida joylashgan “The Meydan Hotel”da yashamoqda. Mehmonxona “Ippodrom” bilan birlashgan, xushxavo, tinch joy. Jamoa a`zolari hatto bir bor ot poygasi musobaqasini yashash xonalarida turib tomosha qilishga ham ulgurishdi.