"Paxtakor" klubi bugun BAAning Dubay amirligiga etib keldi va navbatdagi o`quv-yig`in mashg`ulotlarini boshlab yubordi.
Kecha Toshkentdan Dubay sari yo`lga chiqqan jamoa tushlik paytiga yaqin yig`in davomida istiqomat qiladigan "The Meydan" mehmonxonasiga etib keldi. Toshkent vaqti bilan soat 19:00da "Nad Al Sheba" sport majmuasiga qarashli maydonda birinchi mashg`ulot o`tkazildi. Unda Dubayga etib kelgan 24 futbolchining barchasi ishtirok etdi.
Dastlab futbolchilar Laslo Yambor boshchiligida qizishib olish mashqlarini bajarishdi. Shundan so`ng jamoa bosh murabbiyi Shota Arveladze jamoani ikkiga ajratdi. O`yinchilar to`pni qo`l bilan bir-birlariga etkazib, bosh bilan gol urishga harakat qilishdi. Bu mashg`ulot futbolchilarning juft-juft bo`lib futbol o`ynashi orqali davom ettirildi. Ushbu mashqlar yakuniga etgach, to`pni aniq oshirish, bo`sh hududga ochilish va tez harakat qilish jihatlari ustida ishlandi. Mashg`ulot ikki tomonlama qisqa uchrashuv bilan tugadi.
Darvozabonlar esa Ibrohim Yilmaz qo`l ostida alohida shug`ullanishdi. Ular doimgidek uchrashuvda ro`y beradigan turli holatlarga tayyor turish maqsadida turli mashqlarni bajarishdi.
Shu tariqa "Paxtakor" bir yarim soatga yaqin vaqt davomida birinchi mashg`ulotini o`tkazdi. Birinchi nazorat bellashuvi 17 fevral kuni "Jebel Ali" maydonida "Al-Dafra"ga qarshi bo`lib o`tishi rejalashtirilgan. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan 17:00da boshlanadi.