Poytaxtdagi “Yoshlik” sport majmuasida futzal bo`yicha ayollar o`rtasidagi 14-bor o`tkazilayotgan mamlakat chempionatiga start berildi.
Bugun maydonga tushgan jamolar orasida bosh sovringa da`vogar hisoblangan Qarshining "Sevinch" hamda Bekobodning "Metallurg" jamoalari raqiblarini yirik hisoblarda engishdi.
Har ikkala jamoa ham yangi mavsumga turlicha ko`rinishda kirib kelmoqda. Yildan yilga tajribali futbolchilaridan ayrilib qolayotgan “Sevinch” bu yil ham etakchi futbolchilarini “yo`qotdi” – Kamola Risqieva “Metallurg”ga, Shaxzoda Jamolova va Elvina Ablyakimova “Sho`rtan” jamoasiga yo`l oldi. O`z tarkibini esa bor-yo`g`i bir nafar futbolchi – “Bunyodkor”ning endilikda sobiqqa aylangan Darina Fedosenko bilan boyitdi. Shunday bo`lsa-da, klub qoshidagi ayollar futboli maktabi tarbiyalanuvchilari evaziga tarkibini shakllantirib kelayotgan jamoa faqat bir maqsad – chempionlik uchun kurashmoqda. Bundan besh-olti yil avval futbol maktabining bolalar guruhida to`p tepib yurgan qizlar bugun Vladislav Xanning ishongan shogirdlari bo`lib etishishdi.
“Metallurg” o`tgan yili ham chempionlikni, ham kubokni qo`lga kiritib, bu yil ham muvaffaqiyatlarni davom ettirish payida tarkibini kuchaytirmoqda. “Sevinch”dan tajribali Kamola Risqievani qo`shib oldi, Navoiyning “Guli” jamoasidan Elena Logutkina, Svetlana Valieva, “Bunyodkor”dan Selime Gugueva bilan shartnomalar imzoladi. Lekin bu jamoani ham tark etganlar bor. Tajribali Maxfuza Turopova o`ziga boshqa jamoa izlayapti, jamoaning eng mahoratli o`yinchisi Lyudmila Karachik va Ziyoda Irisboeva “Bunyodkor”ga o`tib ketdi. Nasiba Xojieva esa futbolchilik faoliyatini tugatdi.
Bu ikki jamoadan yirik hisoblarda engilgan “Paxtakor” va AGMK jamoalari esa endi-endi shakllanib bormoqda. E`tiborlisi, ikkla jamoada ham chetdan kelgan taniqli futbolchilar yo`q, bari mahalliy, tajriba orttirayotgan qizlar.
15 fevral
“Sevinch” – “Paxtakor” – 10:2
“Metallurg” – AGMK – 18:0
“Lokomotiv” jamoasi dam oldi.