O`zbekiston futbol Assotsiatsiyasidagi islohotlardan so`ng ko`p narsa o`zgardi. Musobaqa o`tkazish tizimi tubdan yangilandi, futbolchi va murabbiylarga, mutaxassislarga talablar kuchaytirildi. Bolalar va o`smirlar, ayollar futboliga, futzal o`yinlariga e`tibor yanada oshdi. Bularning bari birinchi navbatda muxlislar uchun, ularning madaniy dam olishlarini, futbolga bo`lgan ma`naviy ehtiyojlarini qondirish uchun amalga oshirilayotganligi sir emas.
Bugun e`lon qilingan Superliga-2018 taqvimi ham bundan mustasno emas. Umidjon Ahmadjonov futbol tashkilotiga rahbar etib tayinlanganidan so`ng, amaliy ishlarining dastlabkilaridan biri sifatida Superliga o`yinlarini dam olish kunlariga, ishdan keyingi vaqtlarga belgilashni va`da qilgandi. Haqiqatdan ham yangi taqvimda o`yinlar boshlanishi kunini belgilashda asosiy urg`u juma, shanba va yakshanba kunlariga belgilashga qaratildi. E`tibor bering, Superliga jamoalari o`rtasidagi chempionatning birinchi bosqichida 12ta jamoa ikki davraviy, 132ta uchrashuv o`tkazadi. Shundan atigi 24tasi hafta boshiga (dushanbada 5ta, seshanbada 8ta va chorshanbada 11ta) to`g`ri kelyapti, qolgan 108ta o`yin haftaning ikkinchi yarmiga rejalashtirilgan. Eng ko`p uchrashuvlar esa shanbaga (38ta) belgilanganligi ham muxlislar taklif va istaklaridan kelib chiqilganidan dalolat beradi.
O`zbekiston Kubogining 1/16 final, ya`ni 32ta o`yini ham aynan yakshanba kunlariga belgilangan, qolgan bosqichlardagi bahslarning aksariyati ham haftaning oxirgi kunlarida o`tkazilishi ma`lum qilingan.
Hozirgi taqvimdan kelib chiqib, ayrim uchrashuvlarning dushanba va seshanba kunlariga belgilanganini ko`rish mumkin. Ta`kidlash joiz, 12ta klub ishtirok etadigan va yangicha formatda o`tadigan o`yinlarni faqat dam olish kunlarining o`ziga belgilash ham amaliy, ham nazariy va ham jismoniy jihatdan to`g`ri kelmaydi.
Qolaversa, mavsum davomida O`zbekistonning ikki klubining OChL uchrashuvlarida ishtirok etishi, milliy terma jamoaning FIFA kunlari tashkil etadigan rasmiy va norasmiy o`rtoqlik uchrashuvlari bois, mavsum davomida ayrim uchrashuvlari dushanba va seshanba kunlariga to`g`ri kelishi tabiiy hol. Qolaversa, tig`iz taqvim tufayli futbolchilarning jismoniy holatini yaxshilab borish kabi muhim masalalar taqvim tuzish jarayonida mutaxassislar tomonidan hisobga olingan.
Eng muhimi, milliy chempionatimizning asosiy davomiyligi yoz oylariga to`g`ri kelishini inobatga olsak, o`yinlarni 18.00dan oldin boshlamaslik haqidagi band Reglamentga kiritildi. Bundan keyin Superliga o`yinlari kechki 18.00dan oldin boshlanmasligi belgilab qo`yildi.
Demak, bu yildan e`tiboran muxlislar maydonda kuchli, raqobatbardosh jamoalarning o`yinlarini o`zlari uchun qulay bo`lgan kunda va soatda tomosha qilish imkoniyatiga ega bo`lishmoqda.