Mamlakatimizda ayollar futboli bo`yicha mavsum har yili yanvar oyida futzal chempionati bilan start olar edi. Bu yil ma`lum sabablarga ko`ra musobaqa muddati fevral oyiga belgilandi. Shu oyning ikkinchi o`n kunligida boshlanadigan va 14-marotaba tashkillashtiriladigan mamlakat chempionatida ishtirok etish uchun ayni paytda Qarshining “Sevinch”, Olmaliqning AGMK, Bekobodning “Metallurg” hamda Toshkentning “Paxtakor” jamoalari istak bildirishgan. Ishtirokchilarning umumiy soni sakkiztagacha bo`lishi kutilmoqda.
Eslatib o`tamiz, 13 marta o`tkazilgan chempionatning barida “Sevinch” jamoasi kichik oltin medallar sohibi bo`lishgan. O`zbekiston Kubogi o`yinlari esa 11 marotaba tashkil etilgan, shundan o`ntasida qarshiliklar bosh sovrin egasi bo`lgan, bir marotaba bosh mukofot Zarafshon shahrining “Stroitel” jamoasiga nasib etgan.
Avvalgi chempionatlardan farqli o`laroq, bu yilgisi poytaxtdagi “O`zbekiston” sport majmuasida o`tkazilishi rejalashtirilmoqda.