-
Futbol musobaqalarida hakamlik qilish uchun malakali hakamlar va yordamchi hakamlar sonini ko`paytirish maqsadida O`zbekiston futbol federatsiyasi tomonidan hakamlarni saralab olish dasturi ishlab chiqildi.
Ushbu dasturga muvofiq dastlabki bosqichda hakamlarni tanlab olish Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyat va Toshkent shahar futbol federatsiyalari tomonidan amalga oshiriladi.
O`zbekiston futbol federatsiyasi prezidenti Umid Ahmadjonov yosh hakamlarni tanlab olish mezonlarini tasdiqladi. Unga ko`ra endilikda yosh hakamlarni tanlab olishda qo`yiladigan mezonlar quyidagilardan iborat:
1.Erkaklarning bo`yi 175 sm, ayollarning bo`yi esa 165 sm dan kam bo`lmasligi; kerak.
2. Hakamlikka nomzodlarning yoshi 18 yoshdan 32 yoshgacha bo`lishi;
3. Ingliz tilini bilishi;
4. Kompyuterdan foydalanish ko`nikmalariga ega bo`lishi kerak.Shuningdek, Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar futbol federatsiyalari tomonidan yosh hakamlar uchun 15 soatdan kam bo`lmagan hajmdagi kirish kurslari tashkil etilishi lozim. Kirish kurslariga amaliy mashqlar, o`yin Qoidalari bo`yicha nazariy bilimlar, hakam va hakam yordamchilarining o`rni va majburiyatlari, shuningdek, o`yin qoidalari va jismoniy tayyorgarlik bo`yicha testlar kiritiladi.
Kirish kurslari yakunlanishiga qo`shimcha tarzda barcha yosh hakamlar va hakam yordamchilari kamida bir chorakda bir marta seminarlardan o`tishi kerak. Seminarlarda o`yinlardagi qaltis holatlar, muammolar, xatolarni tan olinishi, FIFA va OFKning o`yin Qoidalari bo`yicha direktiva va interpretatsiyalari kabi mavzular muhokama qilib boriladi. Shuningdek, seminarlar o`yin Qoidalari bo`yicha yozma test va jismoniy tayyorgarlik bo`yicha testlarni o`z ichiga oladi.
Joylarda malakali hakamlarni tayyorlash uchun viloyatlar 4ta hududga bo`lingan holda, har bir hududga ikki nafardan O`FF vakili biriktirilgan.
1-hudud: Qoraqalpog`iston Respublikasi, Xorazm va Buxoro viloyatlari. O`FF mas`ullari - Oleg Dachev va Baxtiyor Tog`aev.
2-hudud: Navoiy, Samarqand, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari. O`FF mas`ullari - Arslon Hotamov va Artyom Arutyunov.
3-hudud: Andijon, Namangan va Farg`ona viloyatlari. O`FF mas`ullari - Vladislav Tseytlin va Baxtiyor Namozov.
4-hudud:Sirdaryo, Jizzax, Toshkent viloyati va Toshkent shahri. O`FF mas`ullari - Aleksandr Popov va Dmitriy Roman.
Yosh hakamlarni tanlab olish mezonlari tasdiqlandi
19.01.2018
