Javlon Ibrohimov: “Endi Superliganing har bir uchrashuvi xuddi finaldek o`tadi”

06.01.2018

Javlon Ibrohimov: “Endi Superliganing har bir uchrashuvi xuddi finaldek o`tadi”

Xabaringiz bor, O`zbekiston futbol federatsiyasi va professional futbol ligasi tomonidan futbolimizni isloh qilish borasida qator samarali ishlar olib borilmoqda. Chempionatimiz formati o`zgartirilib, klublarning professional faoliyatini ta`minlash maqsadida bir qator o`rinli talablar qo`yilmoqda. Shuningdek, futbolchilarning jismoniy holatini kuchaytirish bo`yicha normativlar olinib, terma jamoalar manfaatini yo`lida foydali yangiliklarga qo`l urildi. Bu borada “Bunyodkor” jamoasi sardori Javlon Ibrohimov o`z fikrlari bilan o`rtoqlashdi.

“Avvalo, O`zbekiston futbol federatsiyasi va professional futbol ligasida ish boshlagan yangi rahbariyatga omadlar tilayman. Ular tomonidan olib borilayotgan ishlarga yuqori baho beraman. Yurtimizdagi 2017 yilgi futbol mavsumini O`zbekiston kubogi finali yakunlab berdi. Ko`pchilikka yaxshi ma`lumki, final bahsi juda yuqori saviyada tashkil etildi. Maydonda “Lokomotiv” va “Bunyodkor” jamoalari o`rtasida murosasiz kurash kechdi. Stadiondagi muhitni esa ta`riflab bo`lmaydi. Bilasizmi, futbolchilik faoliyatim mobaynida ichki musobaqalarda bunday ko`p muxlis yig`ilganini ilgari ko`rmagandim. Shuning o`zi ko`rsatib turibdiki, xalqimiz futbolni sevadi”.

“Fikrimcha, endi 2018 yilgi Superliga bahslari xuddi final bahsidek o`tadi. Chunki endi oddiy o`yinlarning o`zi qolmadi. 12talik formatdagi har bir bahs murosasiz va keskin o`tishiga shubha yo`q. O`ylab ko`ring, qandaydir ochkolar Sizni yo chempionlik uchun kurashga qo`shadi yoki Superligada jon saqlab qoladigan guruhga tushirib yuboradi. Qolaversa, “oltin ochkolar” hisob-kitobi ham o`ziga xos yangilik bo`ldi. Bu endi har bir raqib bilan bo`ladigan bahsda ochko jamg`arish kerakligini ko`rsatib turibdi. Shu orqali ham muxlislarning qiziqishi ortishi aniq”.

 

“Keskinlik va murosasizlikning oshishiga xizmat qiladigan yana bir jihat bu – normativlardir. Futbolchilar endi jismoniy holatlarini mavsum davomida yuqori saviyada ushlab turishlari kerak. Ayniqsa, qishki o`quv-mashg`ulot yig`inlarida olinadigan yuklamalar kuchliroq bo`lsa, bu futbolchining mavsum oxirigacha jismoniy holati etuk bo`lishini ta`minlaydi. Mana shunday yuklamalarga dosh berolgan futbolchilar va jamoalarning g`alabalari ham ko`proq bo`ladi. Bundan esa eng avvalo terma jamoalarimizga ko`proq foyda. Vatanimiz jamoalariga kirish uchun futbolchilar ichida raqobat oshadi. Terma jamoalar murabbiylari ro`yhatida qancha nomzod ko`p bo`lsa, o`ylaymanki, xalqaro turnirlardagi g`alabalarimiz ham salmoqli bo`ladi”, - deydi “Bunyodkor” sardori Javlon Ibrohimov.

cola
apex
mib
mib
mib
mib