Toshkentning “Bunyodkor” klubi hamda O`zbekiston yoshlar terma jamoasi a`zosi Doston Hamdamov O`zPFL saytiga intervyu berdi hamda O`FF hamda O`zPFL amalga oshirayotgan islohotlar haqida o`z fikrini bildirdi.
“O`zbekiston Futbol Federatsiyasi hamda O`zbekiston Professional Futbol Ligasi tomonidan ishlab chiqilgan bir qator islohotlar haqida aytishim mumkinki, bu o`zbek futboli uchun faqat foyda. Ilgarilari ham normativ topshirar edik. Ammo, bu normativlar nazoratga olinmas edi, aytishim mumkin, hozirgi test normativ jarayoni O`FF mutaxassislari tomonidan nazorat qilinsa, bunga futbolchi va murabbiylar biroz jiddiy e`tibor beradilar”, - deydi Hamdamov.
“Normativlar dunyo amaliyotida bor va bunga oddiy hol sifatida qarash mumkin. Ammo, uni nazorat qilib borish va futbolchilar o`z jismoniy holatlari haqida ma`lumot olishlari ham muhim”.
“Umuman olganda, bu yilgi Superliga bahslari juda keskin va qiziqarli tarza kechishi aniq. Muxlislarning ham talab va istaklari hisobga olingan deb o`ylayman. Ular ham kuchli va keskin tarzda o`tkaziladigan uchrashuvlarni tomosha qilishni xohlaydilar. Bu shuningdek, futbolchilar uchun ham o`ziga hos sinov va raqobatdir. Endilikda, barcha musobaqaga jiddiy qaraydi. Markaziy uchrashuvlar ko`payadi, bu esa chempionat saviyasi o`sishiga ijobiy ta`sir qiladi”, - deydi Doston Hamdamov.