Omon G`ofurov: FIFA hamda OFK reglamentini yaxshilab o`rganib chiqdik

29.12.2017

Omon G`ofurov: FIFA hamda OFK reglamentini yaxshilab o`rganib chiqdik

O`zbekistonning professional futbol klublari o`rtasidagi 2018 yil uchun futbol bo`yicha musobaqalar reglamenti tasdiqlandi. 2018 yil uchun futbol bo`yicha musobaqalar reglamentidagi talablar oldingi yillardagidan ancha o`zgardi va takomillashtirildi.

Undan O`FF hamda PFL bayrog`i ostida o`tadigan musobaqalar tuzilishi, formati, qatnashuvchi klublarga qo`yiladigan talablar o`rin olgan.

Mana shu talablar haqida O`zbekiston Professional futbol ligasi bosh direktor Omon G`ofurov o`z fikrlarini bildirib o`tdi.

-Superligada ishtirok etadigan klublar endilikda ayollar va futzal jamoasiga ega bo`lishi shart. Shuningdek, klublar qoshida o`z akademiyasi ham mavjud bo`lishi kerak. Bunday talablarlarning klublar oldiga qo`yilishi qanchalik asosli?

-Bunday talablar o`z-o`zidan kelib chiqqani yo`q. Biz FIFA hamda OFK reglamentini yaxshilab o`rganib chiqdik. Professionallikni da`vo qiluvchi har bir klubda eng avvalo akademiya bo`lishi zarur. Klub o`z tarbiyalanuvchilariga ega bo`lishi, ana shu tarbiyalanuvchilari asosida jamoasini shakllantirishi zarur. Shuningdek, klublar kelajakda akademiyada etishib chiqqan iste`dodli futbolchilarni boshqa klublarga sotish yoki ijaraga berish orqali yaxshigina mablag` ham ishlab olishi mumkin.  

Ayollar va futzal jamoasiga ega bo`lish juda muhim. Bu yo`nalishlar butun dunyoda rivojlanmoqda. Professional klub qoshida ayollar va futzal jamoalarining mavjud bo`lishi mana shu klubning nufuzini oshirib, unga bo`lgan qiziqishni kuchaytiradi.

-Milliy chempionatimiz formatida qanday o`zgarishlar ro`y berdi va bu  o`zgarishlardan maqsad nima?

-Milliy chempionatimiz formati 16ta klubdan 12ta klubga o`zgartirildi. Endilikda Superliga jamoalari ikki bosqichda, dastlab ikki davradan iborat uy-safar tizimida bahs olib borishadi. Ikkinchi bosqichda esa, jamoalar o`z o`rinlaridan kelib chiqib, 1-6 o`rinlardagi jamoalar hamda 7-12-o`rinlardagi jamoalar yana ikkita guruhga bo`linadilar va uy-safar tizimida maydonga tushadilar.

Bunda “oltin ochko” qoidasi amal qiladi. Ya`ni 1-6 o`rinlarni egallagan jamoalarning 7-12 o`rinlardagi jamoalar bilan o`tkazgan uchrashuvlaridagi barcha natijalar chiqarib tashlanadi. 1-6 gacha bo`lgan jamoalar o`rtasidagi o`yinlar ochkolari saqlab qolinadi. Shuningdek, 7-12 o`rinlardagi jamoalar ochkolari ham xuddi shunday tarzda hisoblanadi.

Pro-ligada 1-o`rinni egallagan jamoa Superligaga to`g`ridan to`g`ri yo`l oladi. Superligada 12-o`rinni olgan jamoa Pro-ligaga tushib ketadi. Pro-ligadagi 2 va 3- o`rin sohiblari Superliganing 10 va 11-o`rinlardagi jamoalari bilan o`tish bahslarida ishtirok etishadi.

Bu o`zgarishdan asosiy maqsad milliy chempionatimizdagi kurashni kuchaytirish, uchrashuvlardagi shiddatni yanada oshirish. Endilikda hech qaysi jamoa uchun o`tkinchi o`yinlar bo`lmaydi. Yuqori o`rinlarda borayotgan jamoalar bilan autsayderlar o`rtasida farq oldingidek katta bo`lmaydi.

Shuningdek, Superliga klublarining yoshlar jamoalari U-14, U-16, U-18 yoshgacha futbolchilar o`rtasidagi mamlakat birinchiligida ishtirok etishadi. Ilgari ushbu yosh toifalarida O`zbekiston birinchiliklari o`ktazilgan emas. PRO-liga yoshlar jamoalari esa U-14 va U-16 toifalarida o`zaro bahs yuritishadi.

-Superliga jamoalari to`p suradigan stadionlarga qo`yilgan talablar nimalardan iborat?

-Chiroyli va tomoshabop futbol namoyish etish uchun birinchi navbatda shunga mos maydon bo`lishi kerak. Ana shundan kelib chiqqan holda, Superligada ishtirok etadigan klublar maydonining chimi borasida alohida talablar qo`yildi. Ya`ni chim xalqaro talablarga javob beradigan, yuqori sifatli bo`lishi zarur.

Shuningdek, stadionda muxlislar uchun barcha qulayliklar yaratilgan bo`lishi, jurnalistlar, yuqori martabali mehmonlar uchun alohida tribunalar ajratilishi shart.

Bundan tashqari, stadionlarda yoritish uskunalari 1200 lyuks bo`lishi kerakligi reglamentda ko`rsatib o`tildi. Ko`pgina stadionlarda shu paytga qadar yoritish tizimi yaxshi ishlamagani tufayli o`yinlarni vaqtli, kunduz kuni o`tkazishga majbur bo`lishayotgandi. Buning natijasida stadionga muxlislar tashrifi kamayib ketgani hech kimga sir emas.

- Bu borada qanday o`zgarishlar amalga oshiriladi?

-Bu borada ham biz vaziyatni yaxshilab o`rganib chiqdik. Futbol avvalo muxlislar uchun. Muxlislarsiz futbol zerikarli bo`ladi. Futbol ishqibozlarini stadionlarga qaytarish uchun eng avvalo o`yinlar vaqtini ular uchun qulay paytga tayinlash zarur edi. Shundan kelib chiqqan holda, yangi mavsumdan boshlab Superliga uchrashuvlari 18:00dan keyin boshlanishi reglamentga kiritildi. PRO-ligada hamda O`zbekiston kubogi o`yinlari esa 17:00dan keyin start oladi.

-Superligada ishtirok etadigan jamoalar tarkibida nechta legioner to`p surishi mumkin?

-O`zbekiston Superligasi ishtirokchi klublari endilikda 5 nafargacha xorijlik futbolchilarni 4+1 formatida ro`yxatdan o`tkazish imkoniga ega bo`lishadi. So`nggi yillarda chempionatimizda "legioner" darvozabon o`ynashi mumkin emas edi. Bu ta`qiq ham bekor qilindi. Endi klublar xorijlik darvozabonlar bilan ham shartnoma imzolashlari mumkin bo`ladi.

Qolaversa, klub tizimida ishlaydigan hodimlar borasida ham aniq lavozimlar bo`yicha qanday ishchilar faoliyat olib borishi reglamentda ko`rsatib o`tildi.

-Stadionlarda muxlislik madaniyatini oshirish uchun qanday chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda?

-Muxlislik madaniyati eng dolzarb masalalardan biri bo`lib turibdi. Aksariyat stadionlarga tashrif buyuruvchi futbol ishqibozlari yomon xulq-atvorlari sababli boshqa muxlislarni stadionga kelishdan bezdirib qo`yishadi. Aynan madaniyatsiz muxlislar tufayli ko`plab ishqibozlar stadionlarga farzandlari bilan tashrif buyura olishmaydi. Mana shu holatlarni oldini olish maqsadida, yangi mavsumdan boshlab klublar oldiga muxlislar bilan ish olib borish vazifasini qo`ydik. Agarda qaysidir jamoa muxlislari stadionda o`zlarini yomon tutishsa, hakam va futbolchilarni haqorat qilishsa, o`sha klubga 500 million so`mga qadar bo`lgan jarimalar solinishi reglamentga kiritildi. Moliyaviy jazoga tortilmaslik uchun ham endilikda klublar o`z muxlislari bilan ish olib borishga majbur bo`lishadi.

-Murabbiylar oldiga qo`yilayotgan talablar borasida qanday yangiliklar bor?

-Superligada ishtirok etuvchi klublar murabbiylari endilikda talabnoma (“zayavka”) berishdan oldin o`zlarining chorak va yillik rejalarini bizga taqdim etishalari kerak. Bu rejani O`zbekiston futbol federatsiyasi Ilmiy-metodik bo`limi mutaxassislari o`rganib chiqishadi. Agar murabbiyning rejasi talabga javob bermasa, rejasini o`zgaritib, qaytadan topshirmaguncha,  murabbiy 2018-yilgi o`yinlar talabnomasiga kiritilmaydi.

Xuddi shuningdek, jamoa futbolchilari ham belgilangan normativlarni bajarmasa, 2018-yilgi mavsumda o`ynashga ruxsat berilmaydi. Bundan asosiy maqsad, murabbiylar futbolchilar bilan etarli darajada mashg`ulot olib borishlari, ularning jismoniy holatini muntazam nazorat qilib borishlarini ta`minlashdan iborat. Futbolchilarga keladigan bo`lsak, ularning jismoniy holati qanchalik yuqori bo`lsa, natijalari ham shunga qarab o`sib boradi. Ular sport formalarini yuqori saviyada ushlab turish uchun doimiy ravishda o`z ustilarida ishlashga majbur bo`lishadi. Bu holat terma jamoalarimiz uchun ham munosib nomzodlar etishib chiqishiga katta yordam beradi.

-Pro-liga bo`yicha reglamentga qanday talablar kiritildi?

-Pro-liga jamoalari oldiga ham xuddi Superliga kabi jiddiy talablar qo`yilmoqda. Avvaliga, Pro-ligada 24 yoshgacha bo`lgan futbolchilar to`p surishi rejalashtirilgandi. Keyinchalik mutaxassislar va jamoatchilik fikri chuqur o`rganib chiqilib, jamoalarning hozirgi ahvolidan kelib chiqqan holda, bu cheklov olib tashlandi. Endilikda Pro-ligada istalgan yoshdagi futbolchilar to`p surishi mumkin. Lekin shu bilan birga, biz jamoalar oldiga asosan yoshlarga katta e`tibor qaratish vazifasini qo`yganmiz.  

2018 yilgi mavsum reglamentini ushbu havola orqali yuklab olishingiz mumkin.

cola
apex
mib
mib
mib
mib