Mamlakatimizda bolalar futbolini rivojlantirish, joylarda bolalar va o`smirlar orasida futbolni yanada ommalashtirish borasida O`zbekiston Futbol Federatsiyasi bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.
Toshkent shahridagi har bir tumanda joylashgan maktab va maktabgacha ta`lim muassasalarida hamda imkoniyati cheklangan bolalar bilan ishlash internatlaridagi tarbiyalanuvchilarni yangi yil bilan tabriklash va ularga O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sovg`alarini topshirish maqsadida, joriy yilning 25 dekabridan boshlab “Kelajak umidlari” tadbiri boshlangani haqida avval xabar berib o`tgandik.
Mazkur tadbirda maktabgacha ta`lim muassasalarining tarbiyalanuvchilari hamda maktablarning boshlang`ich sinf o`quvchilari o`rtasida sog`lom turmush tarzini targ`ib qilish maqsadida futbol va turli sport musobaqalari o`tkazilyapti. Kelajagimiz umidlari bo`lgan bolalarga O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sovg`asi sifatida to`plar va sport formalari, shuningdek, Faxriy yorliqlar topshirilmoqda.
Bugun bunday tadbirlar Toshkent shahridagi quyidagi maktabgacha ta`lim muassasalarida o`tkazilmoqda:
Yakkasaroy tumanidagi 249 va 300-MTM;
Shayxontohur tumanidagi 171, 197 va 588-MTM;
Yashnabod tumanidagi 149, 557 va 558-MTM
Yunusobod tumanidagi 301, 307, 206 va 191-MTM
Sergeli tumanidagi 566 va 599- MTM
Peshindan keyin tumanlardagi maktablarda ham bunday tadbirlar davom ettiriladi. Tadbirda O`zbekiston futbol federatsiyasi mas`ullari, "Lokomotiv", "Paxtakor", "Bunyodkor" klublarining taniqli futbolchilar va OAV vakillari ishtirok etmoqda.
Bu loyiha yil davomida butun respublika bo`ylab davom etadi. Respublikamizdagi ta`lim muassasalarida tahsil olayotgan yosh bolakaylar muntazam ravishda mana shunday musobaqalarga jalb qilinib, rag`batlantirilib boriladi.