O`zbekiston Futbol Federatsiyasining majlislar zalida federatsiya va PFL rahbariyati hamda Oliy liga futbol klublari rahbarlari ishtirokida majlis bo`lib o`tdi.
Majlisda O`zbekiston Professional Futbol Ligasi faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari muhokama qilindi hamda 2018 yil Oliy Ligada ishtirok etadigan klublar oldiga qo`yiladigan talablarning asosiy jihatlari haqida so`z yuritildi.
Yig`ilishda so`zga chiqqan O`zbekiston Futbol Federatsiyasi vitse-prezidenti Shoakrom Isroilov milliy chempionatni kuchaytirish va o`zbek futboli saviyasini yanada oshirish maqsadida Oliy liga klublari oldiga qo`yiladigan talablar kuchaytirilgani haqida aytib o`tdi.
Jumladan, kelasi yildan boshlab Oliy liga klublari o`zlarining futbol maktablariga (akademiya) ega bo`lishlari, ushbu akademiyalardagi shart-sharoitlar talab darajasida bo`lishi, futbolchilarning jismoniy holatini yuqori saviyada ushlab turish uchun mashg`ulot va trenejer zallari mavjud bo`lishi zarurligi tilga olindi.
Futbol maktablarida (akademiya) U-10, U-14, U-16, U-18 yosh toifalaridagi kamida 4 ta jamoa bo`lishi shartligi ham ta`kidlandi.
Bundan tashqari, kelasi yildan boshlab har bir Oliy liga klubi ayollar jamoasi va mini-futbol jamoasiga ega bo`lishi kerakligi ham ta`kidlab o`tildi.
Shuningdek, stadionlarda OAV xodimlari va muxlislar uchun etarli shart-sharoitlar yaratilishi, xavfsizlik masalalariga alohida e`tibor qaratish kerakligi bo`yicha talablar qo`yildi.
Shundan so`ng PFL Bosh direktori Omon G`ofurov so`z olib, klublar litsenziyalash talablarini bajarmaydigan bo`lsa, kelasi yili Oliy ligada ishtirok etishiga yo`l qo`yilmasligi bo`yicha ogohlantirdi.
Talablarni bajarish bo`yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida har 10 kunda PFLga hisobot jo`natib turish va hamkorlikda ish olib borish zarurligi ta`kidlandi.