Oliy Liga 25-tur doirasidagi “Buxoro” (Buxoro) hamda “Paxtakor” (Toshkent) klublari o`rtasidagi uchrashuvda yuzaga kelgan nizoli vaziyatlar sababli “Buxoro” futbol klubi 55 mln so`m miqdorida jarimaga tortildi.
Oliy Liga 25-turi doirasidagi “Buxoro” - “Paxtakor” uchrashuvida yuz bergan mojaroli vaziyatlar yuzasidan O`zPFL yig`ilish o`tkazdi. Ushbu yig`ilishda, “Buxoro” – “Paxtakor” uchrashuvida yuzaga kelgan nizoli vaziyatlar, ya`ni futbol uchrashuvi vaqtidagi tartibning to`liq ta`minlanmaganligi, “Buxoro” futbol klubi rasmiy xodimlarining belgilangan tartib-intizom va qoidalarga to`liq rioya etmaganligi, shuningdek, uchrashuv rasmiylarining havfsizligi etarli darajada ta`minlanmaganligi kabi holatlar o`rganib chiqildi. Majlisda videoyozuvlar, uchrashuv nazoratchisi hamda O`zPFL vakilining bildirgisiga asosan, O`zbekiston yarim havaskor va yarim professional futbol klublari o`rtasidagi musobaqa reglamenti, Tartib-intizom Kodeksi 5-Modda, 4-bo`lim, 5.57-bandiga asosan “Buxoro” klubiga nisbatan jarima qo`llash haqida qaror qilindi.
Unga ko`ra, “Buxoro” klubi yarim havaskor va yarim professional futbol klublari o`rtasidagi musobaqa Reglamenti 5-Modda, 1-bo`lim, 5.4-Bandiga asosan 20 mln so`m, 5-Modda, 1-bo`lim, 5.6-bandiga asosan 5 mln so`m, 5-Modda, 1-bo`lim, 5.9-Bandiga asosan 10 mln so`m, 5-Modda, 1-bo`lim, 5.10-Bandiga asosan 10 mln so`m, 5-Modda, 2-bo`lim, 5.36-Bandiga asosan 10 mln so`m va yuqoridagi bandlarga asosan umumiy 55 mln so`m jarimaga tortildi.
Shunga o`xshash vaziyat yana takrorlanadigan bo`lsa, klubga nisbatan qattiqroq choralar ko`rilishi bilan bir qatorda, “Buxoro” futbol klubi o`z maydonidagi uchrashuvlarni muxlislarsiz yoki neytral stadionlarda o`tkazishi haqida qattiq ogohlantirildi.