Qirg`iziston poytaxti Bishkek shahrida 15–17 fevral kunlari Osiyo futbol konfederatsiyasi va Xalqaro futbol federatsiyasi hamkorligida FIFAning Connect tizimini joriy etish bo`yicha seminar o`tkazilmoqda.
Seminarda O`zbekiston, Tojikiston, Qirg`iziston va Turkmaniston vakillari ishtirok etmoqda. Mazkur tadbirda O`zbekiston nomidan O`zPFL etakchi mutaxassisi Baxtiyor Mametov qatnashmoqda. Seminar FIFA, OFK mutaxassislari, shunindek, Genius Sports IT-mutaxassislari tomonidan olib borilyapti.
2011 yili FIFA Ijroiya qo`mitasi tomonidan tasdiqlangan Connect tizimini O`zbekiston Professional futbol ligasida qo`llash ko`zda tutilgan. Mazkur dastur orqali qog`oz bilan ishlashdan voz kechilib, futbolchi, murabbiy, hakam va boshqa futbolga aloqador rasmiy shaxslarni elektron ro`yxatdan o`tkazishga o`tiladi.
Boshqacha qilib aytganda, yuqorida ta`kidlangan shaxslarning ID raqami va shaxsiy ma`lumoti saqlanadigan o`ziga xos “pasporti” paydo bo`ladi. Ushbu ma`lumotlar FIFAning Connect ba`zasida saqlanadi. Bu yo`l orqali ma`lumotlar to`plash, saqlash va ularni xalqaro federatsiyalar bilan almashish ancha oson bo`ladi.