Toshkentning "Lokomotiv" klubi Angliyaning "Flitvud Taun" klubi bilan hamkorlikni yo`lga qo`ydi.
O`FF anjumanlar zalida ikkala jamoa rahbarlari va OAV xodimlari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.
Angliyaning to`rtinchi divizionida ishtirok etuvchi klub bilan o`zaro hamkorlikka ko`ra ikki klub marketing, menejment va boshqa bir qator soxalarda tajriba almashadilar. Shuningdek, hamkorlikka ko`ra, Toshkentning "Lokomotiv" klubi akademiyasi tarbiyalanuvchilaridan bir necha nafari Angliya klubida 6 oy davomida shug`ullanib malaka oshirishlari rejalashtirilgan.
Ikki klub o`zaro hamkorligidan ko`zda tutilgan asosiy maqsad yosh va iqtidorli futbolchilarni tarbiyalash va ularni asosiy jamoalarda to`p surishini ta`minlash, shuningdek boshqa sohalarda tajriba almashishdan iborat ekani ta`kidlandi.
"Flitvud Taun" klubi Bosh direktori Stiv Kurvuud o`zaro tajriba almashish orqali mazkur hamkorlik har ikki jamoa uchun ham foydali bo`lishini ta`kidladi: "Lokomotiv" ham xuddi bizning klub kabi ayni damda yosh futbolchilarga o`z e`tiborini qaratib kelmoqda. Biz ham asosan o`z akademiyamizdan etishib chiqqan futbolchilarga ishonch bildirishni, ularni asosiy jamoaga jalb etishni oldimizga maqsad qilib qo`yganmiz. "Lokomotiv" ham o`z siyosatini aynan shunday yo`lga qo`yishni oldiga maqsad qilgan. O`ylaymanki, o`zaro hamkorlik har ikki klub uchun ham foydali bo`ladi va kelajakda bu o`z mevasini beradi”, - deydi Kurvuud.