26 dekabr kuni “Nasaf” futbol klubi qarorgohida futbol bo`yicha mamlakat chempionati oliy ligasida bronza medallarni qo`lga kiritgan “Nasaf” futbol jamoasi azolarini tantanali taqdirlash marosimi o`tkazildi.
Unda jamoamiz a`zolari bilan birga ishqibozlar, OAV xodimlari, “Nasaf”ni yil davomida qo`llab-quvvatlab kelgan ko`plab mehmonlar ishtirok etishdi.
Tadbir avvalida “Nasaf” futbol klubi prezidenti, Shurtangazkimyo majmuasi direktori Odil Temirov so`zga chiqib, erishilgan yutuq bilan futbolchi va murabbiylarni tabrikladi.
“Mavsum avvalgilarga qaraganda birmuncha og`ir o`tgan bo`lsada, Siz futbolchilar bu gal ham sovridorlar safidan joy olishga erishdinglar va minglab muxlislarni xursand etdinglar. Yangi mavsum “Nasaf” uchun yanada mas`uliyatli kechadi. Biz ham o`z navbatida futbolchilarga kerakli shart-sharoitlarni yaratib, yangi marralarni qo`lga kiritishlariga tilakdoshmiz”, deya o`z fikrlarini bildirib o`tdi “Nasaf” PFK prezidenti.
Shundan so`ng O`zPFL bosh direktori Farhod Magomedov “Nasaf” futbolchilari, murabbiylar shtabi, klub rahbarlariga futbol bo`yicha XXIII mamlakat chempionati bronza medallari va diplomlarini topshirdi. Tadbir davomida bir qator nominatsiyalar bo`yicha mavsumda o`z iqtidori va mahoratini namoyish etgan bir guruh futbolchilarga klub rahbariyatining maxsus sovg`alari topshirildi.
Shuningdek, tadbirga tashrif buyurgan mehmonlar ham o`z navbatida “Nasaf” jamoasi sha`niga iliq fikrlar bildirishdi. Xususan O`zbekistonda futbolni rivojlantirish jamoat fondi viloyat bo`limi rahbari Shuhrat Egamberdiev joriy mavsumda raqib jamoasi darvozasini 18 marta ishg`ol etib, chempionat to`purarlari bahsida g`oliblikni qo`lga kiritgan “Nasaf” sardori Artur Gevorkyanga 18 raqami tushirilgan maxsus statuetkani taqdim etgan bo`lsa, “Nasaf” ishqibozlar klubi a`zolari ham oliy liga va kubok bahslarida muxlislarni quvontirgan bir guruh futbolchilar, jamoa rahbariyatiga o`z sovg`alarini topshirishdi.