Chempionatning noyabr oyidagi eng yaxshi futbolchisi va murabbiyi uchun ovoz bering

27.11.2014

Chempionatning noyabr oyidagi eng yaxshi futbolchisi va murabbiyi uchun ovoz bering

O`zPFL matbuot xizmati O`zbekiston chempionatining noyabr oyidagi eng yaxshi futbolchisi va murabbiyini aniqlash uchun ovozlarni qabul qilish jarayoni boshlanganini ma`lum qiladi.

Ovoz berish jarayonida O`zbekistonda faoliyat yuritayotgan sportga oid OAV vakillari (jurnalistlar) ishtirok etishlari mumkin. Nomzodlar ro`yxati chegaralanmagan bo`lib, ovoz beruvchilar O`zbekiston milliy chempionatlarida faoliyat yuritayotgan barcha futbolchilar va murabbiylarga, jumladan, xorij mamlakatlaridan kelib O`zPFL musobaqalarida ishtirok etayotgan futbolchilar va murabbiylarga ham ovoz berishlari mumkin.

Noyabr oyining eng yaxshi o`yinchisi va murabbiyini aniqlash bo`yicha so`rovnomada ishtirok etayotgan jurnalist noyabr oyi uchun eng yaxshi futbolchi va murabbiyilardan jami 5 nafardan nomzodlarning ism-shariflarini O`zPFL matbuot xizmatiga (media@the-uff.com elektron pochta manziliga jo`natgan holda) taqdim etishlari kerak. Jurnalistlar o`z variantlarini 1 dekabr, dushanba kuni soat 18:00gacha yuborishlari mumkin.

Futbolchilarning noyabr oyidagi harakatlarini baholashda quyidagi musobaqalar hisobga olinadi: Oliy Liga; Birinchi Liga; O`zbekiston Kubogi; O`zPFL tasarrufidagi boshqa musobaqalar.

Tanlovda ishtirok etgan OAV vakilining variantlaridan kelib chiqib, futbolchi va murabbiylarga quyidagicha ballar beriladi: 1-o`rin – 5 ball; 2-o`rin – 4 ball; 3-o`rin – 3 ball; 4-o`rin – 2 ball; 5-o`rin – 1 ball.

OAVdan kelib tushgan variantlar O`zPFL matbuot xizmati tomonidan hisob-kitob qilinadi va uning yakuniy natijalari O`zPFL rasmiy sayti (www.pfl.uz)da e`lon qilinadi. Eng ko`p ovoz to`plagan futbolchi (murabbiy) «O`zbekiston chempionatida oyning eng yaxshi futbolchisi (murabbiyi)» deb topiladi.

Mart-noyabr oylarida o`tkaziladigan chempionatning eng yaxshi futbolchisi va murabbiyi tanlovilarining natijalari umumlashtirib chiqiladi va natijalardan kelib chiqib, O`zPFLning 2014 yildagi eng yaxshi futbolchisi va murabbiyi nomi aniqlanadi.

Ma`lumot uchun, ushbu tadbir tijoriy loyiha bo`lib, unga homiylik qilish istagida bo`lgan tashkilotlar hamkorlikka taklif qilinadi.
 

cola
apex
mib
mib
mib
mib