«Lokomotiv» jamoasi bosh murabbiyi Vadim Abramov «Bunyodkor»ga qarshi O`zbekiston Kubogi-2014 final uchrashuvidan so`ng o`z fikrlari bilan o`rtoqlasharkan, OChLda munosib ishtirok etishni rejalashtirayotganini ma`lum qildi.
«O`yin qanday bo`lganini hamma ko`rdi va bu haqda ortiqcha gapirib o`tirishning keragi yo`q», - deya so`z boshladi Vadim Abramov. Qayd etish joiz, o`z tarixida ilk bor O`zbekiston Kubogi finaliga chiqqan «Lokomotiv» 106-daqiqada zaxiradan maydonga tushgan Marat Bikmaevning samarali to`p uzatishidan so`ng g`alaba qozondi – Bikmaevning uzatmasini «Bunyodkor»ning sobiq yarim himoyachisi Jasur Hasanov o`yin taqdirini hal qilgan golga aylantirdi.
«Futbolchilarimning charchab qolganini sezganim yo`q, shunchaki biz o`yin 120 daqiqa davom etishi mumkinligini hisobga olgandik. Bundan tashqari, istalgan futbolchi istalgan vaqtda jarohat olishi ehtimoli ham yo`q emasdi. Shu sababli ham, xususan, Marat Bikmaevni zaxirada ushlab turdik. Uni vaqtliroq ham maydonga tushirish mumkin edi, lekin bugungi o`yinning borishi uni aynan qo`shimcha vaqtlarda maydonga tushirishni taqozo qildi», - dedi Vadim Abramov.
2014 yilgi mavsum «Lokomotiv» futbolchilari uchun bir yil avvalgisiga nisbatan muvaffaqiyatli keldi, deyish mumkin. Jamoa milliy chempionat bahslarida 2013 yilgi natijani takrorladi, biroq Kubokdagi muvaffaqiyat orqali o`z tarixida ilk bor Osiyo Chempionlar ligasi guruh bosqichi yo`llanmasini hal qilib qo`ydi, deyish mumkin.
«Biz Osiyo Chempionlar ligasida ishtirok etishni va unda O`zbekiston sharafini munosib himoya qilishni istaymiz. Shu sababli ham jamoa tarkibi kuchaytiriladi, yangi o`yinchilar jamoaga jalb etiladi. Bizga markaziy nuqtalarni – himoya va hujumni kuchaytira oladigan yaxshi saviyadagi o`yinchilar kerak. Selektsiya ishlarida ijodkor ruhiyatdagi futbolchilarni ko`proq e`tibor qaratamiz», - deya qo`shimcha qildi «Lokomotiv» bosh murabbiyi Vadim Abramov.