Toshkentning «Lokomotiv» jamoasi 2014 yilgi O`zbekiston Kubogi bahslarida g`olib chiqdi. «Temiryo`lchilar» Olmaliqda bo`lib o`tgan hal qiluvchi o`yinda Kubokning amaldagi sohibi – «Bunyodkor»ni 1:0 hisobida mag`lubiyatga uchratishdi.
2014 yilgi O`zbekiston Kubogi g`olibini aniqlash uchun 90 daqiqa kamlik qildi — 45 daqiqalik ikki taym davomida Olmaliqdagi nominal mezbon «Bunyodkor»da ham, vitse-chempion «Lokomotiv»da ham hisobni ochish uchun imkoniyatlar yuzaga kelgan bo`lsa-da, uchrashuvni boshqarib borgan janubiy koreyalik referi Kim Dong Djinda jamoalarni har biri 15 daqiqa davom etadigan ekstra-taymlarga taklif qilishdan boshqa iloj qolmadi.
Bunda o`yin taqdirini, qaysidir ma`noda, «Lokomotiv»ning zaxiradan maydonga tushgan futbolchilari hal qildi. 106-daqiqada zaxiradan maydonga tushgan Marat Bikmaev, 2-ekstra taymning boshlanishidayoq «Lokomotiv» boshlagan hujumni chap qanotdan davom ettirib, uchrashuv ikkinchi bo`limida zaxiradan maydonga tushgan sobiq «bunyodkorchi» Jasur Hasanovga to`pni aniq etkazib berdi – Jasur esa bu vaziyatda «Bunyodkor» darvozaboni Akbar To`raevni ayab o`tirmadi.
Keyingi daqiqalarda «Bunyodkor» asosiy e`tiborni hujumga qaratdi, biroq himoyada aniq harakat qilgan «Lokomotiv» o`z tarixidagi ilk yirik sovrinni qo`lga kiritdi. Qayd etish joiz, «Lokomotiv» bungacha biror marta O`zbekiston Kubogi finalida to`p surmagan edi.
O`zbekiston Kubogi-2014. Final
12 noyabr, chorshanba
«Bunyodkor» (Toshkent) – «Lokomotiv» (Toshkent) 0:1 (0:0, 0:0, 0:0)
Hakamlar: Kim Dong Djin, Yong Xae Sang, Yang Byon Yun (barchasi – Janubiy Koreya), Sh. Qosimov (Toshkent).
Nazoratchi: A. Abdullaev (Toshkent).
Gol: Jasur Hasanov (106).