Vadim Abramov: «Umid qilamanki, final muxlislarga to`la stadionda o`tadi»

11.11.2014

Vadim Abramov: «Umid qilamanki, final muxlislarga to`la stadionda o`tadi»

12 noyabr, chorshanba kuni Olmaliq shahridagi OTMK stadionida 2014 yilgi O`zbekiston Kubogi final uchrashuvi bo`lib o`tadi. Unda «Bunyodkor» va «Lokomotiv» jamoalari o`zaro bahs olib borishadi. Final arafasida tashkil etilgan matbuot anjumanida «Lokomotiv» bosh murabbiyi Vadim Abramov O`zbekiston Kubogiga ikkinchi darajali musobaqa deb qaramasligini, jamoasining vazifasini ma`lum qildi.

«O`zbekiston Kubogini qo`lga kiritish murabbiy sifatida nafaqat men uchun, balki boshqa istalgan murabbiy uchun ham muhim va aslida biz ana shunday yuksak sovrinlarni qo`lga kiritish uchun ishlaymiz. Bizning aybimiz – mavsum davomida oldimizga qo`yilgan vazifalarni bajara olmadik, lekin O`zbekiston Kubogi finalida g`alaba qozonib, muxlislarimizni, jamoamiz ortida mehnat qilgan temiryo`lchilarning katta guruhini xursand qilishni istaymiz», - dedi Abramov.

Mavsum davomida «Lokomotiv» va «Bunyodkor» jamoalari 2014 yilgi mavsum davomida uch bora to`qnash kelishdi va ularning birortasida «Lokomotiv» g`alaba qozona olmadi. O`zbekiston Superkubogi uchun bahsda «Bunyodkor» 2:1 hisobida g`alaba qozongan bo`lsa, Oliy Ligadagi ikki uchrashuvning birida «Lokomotiv» mag`lub bo`lgan va durang o`ynagandi.

«Har bir jamoada bo`lganidek, bizda ham muammolar bor. Lekin final o`yinida ishtirok etishi mumkin bo`lgan 18talik tarkibni aniqlab bo`lganmiz. Finalda qaysi darvozabon yaxshiroq tayyorgarlikka ega bo`lsa, o`sha darvozabon jamoa darvozasini qo`riqlaydi. Hujumchi Ivan Nagaev masalasiga kelsak, uning final o`yinida ishtirok etishi ehtimoli past. Umid qilamanki, final o`yinida Olmaliqdagi stadion muxlislarga to`la bo`ladi», - deya qo`shimcha qildi «Lokomotiv» bosh murabbiyi Vadim Abramov.

Ma`lumot uchun, O`zbekiston Kuboklari tarixida ilk bora Olmaliq shahrida bo`lib o`tadigan final uchrashuvida «Bunyodkor» nominal mezbon sifatida to`p suradi. O`yinda «Lokomotiv» futbolchilari qizil rangli, «Bunyodkor» esa oq rangli libosda to`p suradi.
 

cola
apex
mib
mib
mib
mib