Sergey Lushan: «Muxlislarga yoqadigan final bo`ladi»

11.11.2014

Sergey Lushan: «Muxlislarga yoqadigan final bo`ladi»

Toshkentning «Bunyodkor» klubi bosh murabbiyi Sergey Lushan qo`l ostidagi jamoa 2014 yilgi O`zbekiston Kubogi final uchrashuviga tayyor ekanligini ma`lum qildi.

12 noyabr, chorshanba kuni Olmaliq shahridagi OTMK stadionida 2014 yilgi O`zbekiston Kubogi final uchrashuvi bo`lib o`tadi. Unda «Bunyodkor» va «Lokomotiv» jamoalari o`zaro bahs olib borishadi. Final arafasida tashkil etilgan matbuot anjumanida «Bunyodkor» bosh murabbiyi Sergey Lushan jamoasi o`yinga tayyorligini, finalda esa har bir jamoa faqat va faqat g`alaba maqsadida maydonga tushishini ta`kidlab o`tdi.

«Paxtakor»ga qarshi alamli o`yindan so`ng yigitlarimizning ruhiy holati joyida, bu biz uchun dars bo`ldi va qaysidir ma`noda o`yinning shunday fojeali tarzda tugagani foydamizga xizmat qilar. Tarkibimizda jarohatlanganlar yo`q, futbolchilarimiz o`yinga tayyor. Finalda esa muxlislarga yoqadigan bahs bo`ladi, deb o`ylayman. Bu O`zbekiston Kubogi finali, finalda esa har bir jamoa o`z oldiga g`alabani maqsad qilib qo`yadi», - dedi Lushan.

«Bunyodkor» 2014 yilgi mavsum davomida «Lokomotiv» bilan uch bora to`qnashdi – dastlab, 7 mart kuni bo`lib O`zbekiston Superkubogi uchun bahsda Mirjalol Qosimov qo`l ostidagi jamoa «Lokomotiv»ni 2:1 hisobida mag`lub etgan bo`lsa, 11 aprel kuni Oliy Liga birinchi davrasi doirasida o`tkazilgan bahsda endi murabbiy Aleksandr Volkov boshchiligida maydonga chiqqan «Bunyodkor» «temiryo`lchilar» bilan 1:1 hisobida durang o`ynagandi. 28 avgust kuni esa Oliy Liga ikkinchi davra o`yinlari doirasida TTZda o`tgan bahsda bu safar Sergey Lushan qo`l ostida harakatlanayotgan «Bunyodkor» finaldagi bo`lajak raqibini 2:1 hisobida mag`lub etgandi.

«Mavsum davomida «Lokomotiv» bilan bir necha bor to`qnash keldik. Har ikkala jamoa ham bir-birini etarlicha o`rganib bo`lgan, bir-biri haqida etarlicha ma`lumotga ega. Final – bitta o`yindan iborat va hammasini qaytadan boshlash uchun bizda ikkinchi imkoniyat bo`lmaydi. Shuning uchun bor kuchimiz, imkoniyatlarimizni ishga solib, ertangi final uchrashuvida ijobiy natijaga erishib, muxlislarimizni quvontirishni xohlaymiz», - deya qo`shimcha qildi «Bunyodkor» bosh murabbiyi Sergey Lushan.

Ma`lumot uchun, O`zbekiston Kuboklari tarixida ilk bora Olmaliq shahrida bo`lib o`tadigan final uchrashuvida «Bunyodkor» nominal mezbon sifatida to`p suradi. O`yinda «Lokomotiv» futbolchilari qizil rangli, «Bunyodkor» esa oq rangli libosda to`p suradi.
 

cola
apex
mib
mib
mib
mib