O`zbekiston chempionatining sentyabr oyidagi eng yaxshi murabbiyi va o`yinchisini aniqlash bo`yicha jurnalistlar o`rtasida o`tkazilgan so`rovnomada «Nasaf» vakillari tengsiz deb topildi.
Xususan, «Nasaf» bosh murabbiyi Ro`ziqul Berdiev 2014 yil hisobidan birinchi marta oy murabbiyiga aylangan bo`lsa, jamoa yarim himoyachisi Artur Gevorkyan sentyabrning eng yaxshi futbolchisi sifatida tanlandi.
O`zbekiston chempionatining sentyabr oyidagi eng yaxshi futbolchisi va murabbiyini aniqlash bo`yicha OAV xodimlari, jurnalistlar o`rtasida o`tkazilgan so`rovnoma 2-6 oktyabr kunlari bo`lib o`tdi. So`rovnomada jurnalistlar Oliy Liga va Birinchi Liga klublarida faoliyat olib borayotgan jami 12 nafar murabbiy va 17 nafar futbolchini g`oliblikka da`vogar sifatida ko`rsatishdi.
Murabbiylar o`rtasidagi kurashda «Nasaf» bosh murabbiyi Ro`ziqul Berdiev 78 ochko to`pladi va 2-o`rinni egallagan «Mash`al» bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakovni 23 ballga ortda qoldirishga muvaffaq bo`ldi. E`tiborli tomoni, sentyabr oyi so`rovnomasida jurnalistlar Ro`ziqul Berdievni 10 marta birinchi o`ringa loyiq murabbiy sifatida ko`rsatishdi.
Futbolchilar orasida esa sentyabr oyi yakunlariga ko`ra «Nasaf» yarim himoyachisi Artur Gevorkyanga teng keladigan futbolchi topilmadi. Yarim himoyachi sentyabr oyi so`rovida o`zining eng yaqin ta`qibchisi, Muborakning «Mash`al» jamoasi hujumchisi Zohir Qo`ziboevni 10 ballga ortda qoldirdi va 64 ball bilan 2014 yil hisobidan birinchi marta oyning eng yaxshi futbolchisi deb topildi.
Ma`lumot o`rnida, mart-noyabr oylarida o`tkaziladigan Oyning eng yaxshi futbolchisi va murabbiyi tanlovilarining natijalari umumlashtirib chiqiladi va natijalardan kelib chiqib, O`zPFLning 2014 yildagi eng yaxshi futbolchisi va murabbiyi nomi aniqlanadi.
«Oyning eng yaxshi o`yinchisi» so`rovnomasi sentyabr oyi kuchli beshligi:
1. Artur Gevorkyan («Nasaf») – 64 ball;
2. Zohir Qo`ziboev («Mash`al») – 54 ball;
3. Viktor Klishin («Sho`rtan») – 30 ball;
4. Shuhrat Muhammadiev («Nasaf») – 27 ball;
5. Vohid Shodiev («Bunyodkor») – 15 ball.
«Oyning eng yaxshi murabbiyi» so`rovnomasi sentyabr oyi kuchli beshligi:
1. Ro`ziqul Berdiev («Nasaf») – 78 ball;
2. Aleksandr Xomyakov («Mash`al») – 55 ball;
3. Vadim Abramov («Lokomotiv») – 51 ball;
4. Sergey Lushan («Bunyodkor») – 34 ball;
5. Furqat Esonboev («Oqtepa») – 10 ball.