Oliy liganing 28 avgust kuni o`tkazilgan 18-tur uchrashuvlari doirasidagi “Lokomotiv”-“Bunyodkor” uchrashuvidan keyin “Lokomotiv” futbol klubi o`yindagi hakamlik saviyasidan norozi bo`lib, protest yozdi. Mazkur protest asosida O`zbekiston Futbol Federatsiyasining Hakamlar va nazoratchilar qo`mitasi navbatdan tashqari majlis chaqirdi.
Qo`mitaning kun tartibidan FIFA referisi Valentik Kovalenko, uning yordamchilari Ma`mur Saidqosimov va Xusniddin Shodmonov boshqargan 18-turning markaziy uchrashuvidan tushgan protestni ko`rib chiqish masalasi o`rin olgan edi.
“Lokomotiv” futbol klubi “Bunyodkor”ga qarshi o`yindagi hakamlikning 12 vaziyatidan norozi bo`lib protest yozadi.
O`zbekiston Futbol Federatsiyasining Hakamlar va inspektorlar qo`mitasining 3 sentyabrdagi majlisining bayonnomasida keltirilishicha, protest yuzasidan qo`mita tarkibidagi ekspertlar komissiyasi uchrashuv yozilgan videotasmalarning barchasini ko`rib chiqqan holda, uchrashuvdagi hakamlar brigadasining qarorlari o`yin natijasiga ta`sir qilmagan degan xulosaga kelishadi.
Komissiya xulosasi haqidagi bayonnomadan ko`chirma: “Umumiy olganda hakamlar brigadasi uchrashuvni yaxshi boshqardi, ammo bir qator xatolarga yo`l qo`ydi. Ulardan biri qo`pol xato bo`lib, uchrashuvning 59-daqiqasiga to`g`ri keladi. Ana shu vaziyatda “Lokomotiv” futbolchisi to`pni qo`li bilan o`ynaganligi uchun (“Bunyodkor” foydasiga - matbuot xizmati izohi) “Lokomotiv” darvozasi tomon penalti belgilamaydi. Shuningdek, 8, 46 va 81-daqiqalarda ham mayda xatolarga yo`l qo`yilgan. Qilingan xatolar o`yin natijasiga ta`sir qilmagan”.
8-daqiqadagi xato, komissiya bayonnomasiga ko`ra, “Bunyodkor” foydasiga bo`lib, bu vaziyatda, “Lokomotiv” futbolchisi (kimligi bayonnomada ko`rsatilmagan - matbuot xizmati izohi) ikki oyoq bilan raqib futbolchisiga tashlanadi, lekin hakam o`yin qoidasi buzilmagan deb hisoblaydi.
46-daqiqada ham bosh hakam nohaq edi, deb hisoblaydi komissiya ekspertlari. Ushbu vaziyatda to`p uchun havodagi kurashdagi futbolchilar to`qnashuvidan keyin, hakam o`yinni to`xtatmaydi, vaholanki, xushtak chalinishi va “bahsli to`p” o`yinga kiritilishi kerak edi.
81-daqiqada hakam yana bir folni e`tiborsiz qoldiradi. Ushbu vaziyatda “Lokomotiv”ning 77-raqamli futbolchisi Jasur Hasanovning belidan itarib yuborilgan holatda o`yinni to`xtatmaydi.
Demak, 12 vaziyatdan 3 tasida hakam haqiqatan ham xatolikka yo`l qo`ygan, lekin bu o`yin natijasiga ta`sir qilmagan. Protestdagi qolgan 9 ta vaziyatda esa hakam haq.
“Lokomotiv”-“Bunyodkor” uchrashuvi hakamlar brigadasiga qo`llanilgan chora:
Hakamlar va inspektorlar qo`mitasi tarkibidagi ekspertlar komissiyasi “Lokomotiv” protestidagi vaziyatlarni ko`rib o`tib, yakuniy xulosani qo`mita a`zolariga taqdim etadi. Qo`mita yig`ilishida O`zbekiston Futbol Federatsiyasi Hakamlar va inspektorlar boshqarmasi boshlig`i Noil Lutfullin mazkur komissiya xulosasiga ilova qilib, Valentik Kovalenkoning hakamlik ishiga nazoratchi G`ayrat Karimov bahoni 1,9 ballga ko`tarib qo`yganligini aytadi. Kovalenkoning bahosi aslida 6,9 ball bo`lib, G`ayrat Karimov 8,5 ball qo`ygan.
Qo`mita a`zolari “Hakamlarning tartib-intizom kodeksi”ning 2.3 bo`limi, 1-bandiga asoslanib, “Lokomotiv”-“Bunyodkor” uchrashuvi bosh hakam Valentin Kovalenkoga xayfsan e`lon qiladi va ushbu o`yindagi xizmat haqqini 25 foizga kamaytirish haqida qaror qabul qiladi.
“Nazoratchilarning tartib-intizom kodeksi”ga asosan, “Lokomotiv”-“Bunyodkor” nazoratchisi G`ayrat Karimov bosh hakam Valentin Kovalenkoga bahoni ko`tarib qo`yganligi uchun uning ham o`yindagi xizmat xaqqi 25 foizga kamaytirildi va keyingi 4 ta tur o`yinlaridan chetlatildi.
“Lokomotiv” klubi saytining dezinformatsiyasi:
5-sentyabr kuni O`zbekistondagi barcha futbol saytlarida yolg`on xabar paydo bo`ldi: “O`zbekiston XXIII milliy chempionati 18-tur o`yinlari doirasidagi “Lokomotiv” - “Bunyodkor” (1:2) o`yinida hakamlik qilgan Valentin Kovalenko 4ta o`yinga diskvalifikatsiya qilindi”.
Xabarlar shu xatboshi bilan boshlanadi va manba sifatida barcha nashrlar “Lokomotiv” futbol klubi saytini manba qilib ko`rsatadi. Haqiqatan ham “Lokomotiv” yolg`on xabar tarqatadi. Saytda 3 kun turgan xabarga asosan Valentin Kovalenko 4 ta turga chetlatilgan bo`lib, unga jarima solingan. Bunday emasligi esa yuqorida aytib o`tildi.
Klub futbol jamoatchiligiga yolg`on xabar tarqatishda nima maqsadni ko`zlaganligi noma`lum, lekin bunday ishlar jazosiz qolmasligi kerak. Professional Futbol Ligasi rahbariyati tez orada bu ishni ko`rib chiqishni yakunlaydi va “Lokomotiv” klubiga jazo belgilaydi. Bu haqdagi axborot PFL saytida e`lon qilinadi.
PFL matbuot xizmati.