Iyun va iyul oylarining umumiy laureatlari ma`lum bo`ldi

08.08.2014

Iyun va iyul oylarining umumiy laureatlari ma`lum bo`ldi

O`zbekiston Chempionatining iyun va iyul oylaridagi eng yaxshi murabbiyi va o`yinchisini aniqlash bo`yicha jurnalistlar o`rtasida o`tkazilgan so`rovnomada «Paxtakor» bosh menejeri Samvel Babayan va «Qizilqum» himoyachisi Akmal Rustamov g`olib chiqdi.

O`zbekiston chempionatining iyun va iyul oylaridagi eng yaxshi futbolchisi va murabbiyini aniqlash bo`yicha OAV xodimlari, jurnalistlar o`rtasida o`tkazilgan so`rovnoma 1-5 avgust kunlari bo`lib o`tdi. So`rovnomada jurnalistlar Oliy Liga va Birinchi Liga klublarida faoliyat olib borayotgan jami 7 nafar murabbiy va 15 nafar futbolchini g`oliblikka da`vogar sifatida ko`rsatishdi.

Murabbiylar o`rtasidagi bahsda Samvel Babayan uchinchi marta g`olib chiqdi. «Paxtakor» bosh menejeri bungacha mart va aprel oylarida ham tengsiz deb topilgandi. May oyida eng yaxshi murabbiy sifatida tan olingan «Lokomotiv» bosh murabbiyi Vadim Abramov bu safar ikkinchi bo`ldi – Abramov mart va aprel oyi so`rovnomalarida to`rtinchi bo`lgandi. Eng yaxshi murabbiylarning kuchli beshligidan, shuningdek, «Istiqlol» bosh murabbiyi Kamol Jo`nashev, «Qizilqum» bosh murabbiyi Yuriy Lukin, shuningdek, «Nasaf» bosh murabbiyi Ro`ziqul Berdiev va «Orol» ustozi Ne`matulla Qutiboev o`rin oldi.

Futbolchilar orasida «Qizilqum» himoyachisi Akmal Rustamov iyun va iyul oylarining eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Kuchli beshlikdan, shuningdek, «Mash`al» vakili Zohir Qo`ziboev, «Sho`rtan» darvozaboni Eldor Tojiboev «NBU-Osiyo» futbolchisi Anvar Abduqodirov va «Paxtakor» yarim himoyachisi Jamshid Iskanderov o`rin oldi. Ma`lumot uchun, mart va may oylarida «Paxtakor» vakili Jamshid Iskanderov, aprel oyida esa aynan shu jamoa himoyachisi Egor Krimets O`zbekiston chempionatining eng yaxshi o`yinchisi deb topilgandi.

Ma`lumot o`rnida, mart-noyabr oylarida o`tkaziladigan Oyning eng yaxshi futbolchisi va murabbiyi tanlovilarining natijalari umumlashtirib chiqiladi va natijalardan kelib chiqib, O`zPFLning 2014 yildagi eng yaxshi futbolchisi va murabbiyi nomi aniqlanadi.

«Iyun va iyul oylarining eng yaxshi futbolchisi» so`rovnomasining kuchli beshligi:
1. Akmal Rustamov («Qizilqum») – 50 ball.
2. Zohir Qo`ziboev («Mash`al») – 40 ball.
3. Eldor Tojiboev («Sho`rtan») – 30 ball.
4. Anvar Abduqodirov («NBU-Osiyo») – 20 ball.
5. Jamshid Iskanderov («Paxtakor») – 18 ball.

«Iyun va iyul oylarining eng yaxshi murabbiyi» so`rovnomasining kuchli beshligi:
1. Samvel Babayan («Paxtakor») – 58 ball.
2. Vadim Abramov («Lokomotiv») – 44 ball.
3. Kamol Jo`nashev («Istiqlol») – 40 ball.
4. Yuriy Lukin («Qizilqum») – 28 ball.
5. Ro`ziqul Berdiev («Nasaf»), Ne`matulla Qutiboev («Orol») – 10 ball.
 

cola
apex
mib
mib
mib
mib