O`FF anjumanlar zalida 1 avgust, juma kuni hakamlar va nazoratchilar ishtirokida O`zbekiston chempionati birinchi davrasi va O`zbekiston Birinchiligi birinchi bosqich o`yinlari yakuniga bag`ishlangan hisobot majlisi bo`lib o`tdi.
Majlisda ta`kidlandiki, Oliy Liga-2014 birinchi davra o`yinlarida hakamlik saviyasi ancha yaxshi bo`ldi. Ayni vaqtda, O`zbekiston Birinchiligi birinchi bosqich uchrashuvlaridagi hakamlik sifati sezilarli darajada past bo`lib, bunda birinchi navbatda hakamlarning o`zi aybdor ekanligi ta`kidlandi.
Tanqidiy ruhda o`tgan majlisda o`z ishiga mas`uliyatsizlik bilan yondashayotgan, O`FF va O`zPFL rahbariyati tomonidan bildirilayotgan ishonchni oqlay olmayotgan hakam va nazoratchilarni jazolash, zarur bo`lsa, ularni chetlatish haqida qarorlar qabul qilish kerakligi qayd etildi.
Majlisda kun tartibidan o`rin olgan qator masalalar bo`yicha fikr almashildi, hakamlar va nazoratchilar tomonidan yo`l qo`yilgan kamchiliklar muhokama qilindi va tegishli xulosalar chiqarildi, shuningdek, soha mutaxassislari oldida mavsumning hal qiluvchi ikkinchi yarmini yuqori saviyada o`tkazish vazifasi turgani eslatib o`tildi.