2014 yilning 12 iyun-13 iyul kunlari Braziliyada o`tkazilgan futbol bo`yicha jahon chempionatida o`zbekistonlik FIFA referisi Ravshan Ermatov ishtirok etib, Vatanimizning xalqaro miqyosdagi shon-shuhratini yanada yuksaltirishga, xalqimizning kuch-qudrati va salohiyatini namoyon etishga munosib hissa qo`shdi.
O`zbekiston Milliy axborot agentligi rasmiy sayti (uza.uz)da Prezident Islom Karimovning 2014 yil 25 iyuldagi farmoniga muvofiq FIFA referisi Ravshan Ermatovning «El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotlangani to`g`risida ma`qloa e`lon qilindi.
Prezidentimiz Islom Karimovning 2014 yil 25 iyuldagi farmoniga muvofiq xalqaro maydonda mamlakatimizning sport sohasidagi shon-shuhratini yuksaltirish, o`zbek futbolining nufuzini oshirish, milliy futbol hakamlari maktabini rivojlantirish ishiga qo`shgan munosib hissasi uchun O`zbekiston futbol federatsiyasining xalqaro toifadagi hakami, FIFA referisi Ravshan Ermatov «El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotlandi, - deyiladi O`zbekiston Milliy axborot agentligi rasmiy saytida.
Poytaxtimizdagi «Olimpiya shon-shuhrati» muzeyida 25 iyul kuni xalqaro toifadagi hakamni sharaflashga bag`ishlangan tantanali marosim bo`lib o`tdi. Unda FIFA referisi Ravshan Ermatovga Vatanimizning yuksak mukofoti – “El-yurt hurmati” ordeni hamda Prezidentimiz sovg`asi – “Malibu” avtomobili tantanali ravishda topshirildi.
FIFA referisi Ravshan Ermatov mazkur orden uning kelajakdagi faoliyati uchun katta mas`uliyat ekanini ta`kidladi. «Kamtarona mehnatlarimni Vatanimizning yuksak mukofoti bilan taqdirlagan Prezidentimizga cheksiz minnatdorlik izhor etaman. Bunday e`tibor va g`amxo`rlik kelgusida yanada yuksak marralar sari rag`batlantiradi», – deydi Ravshan Ermatov.
«Biz hech kimdan kam emasligimiz va kam bo`lmasligimizni isbotlashni maqsad qilgandik va bu ezgu maqsadimizga etishganimizdan xursandmiz. Uchrashuvlarni xatosiz boshqarishimizda xalqimiz, millionlab o`zbekistonlik futbol muxlislarining ishonchini oqlash mas`uliyati bizga katta kuch-g`ayrat bag`ishladi», - deya qo`shimcha qildi to`rt karra Osiyoning eng yaxshi hakami.