Oliy Liga 9-tur uchrashuvlari doirasida 20 may, seshanba kuni o`tkazilgan «Paxtakor» (Toshkent) – «Navbahor» (Namangan) uchrashuvi davomida hakamlar brigadasi tomonidan qabul qilingan qarorlar jamoatchilik bahs-munozaralariga sabab bo`ldi. Uchrashuv 2:1 hisobida maydon egalari g`alabasi bilan yakuniga etgan, «Paxtakor» futbolchilari g`alaba to`pini qo`shimcha daqiqalarda belgilangan penaltidan kiritishgan edi.
Uchrashuvni FIFA referisi Sherzod Qosimov boshqarib borgan, unga qanotlarda FIFA referisi yordamchilari – Alisher Usmonov va Temur Gaynullin yordam bergandi. Birinchi toifali hakam Igor Gormashev uchrashuv zaxira hakami sifatida belgilangan bo`lsa, hakamlarning harakatini esa respublika toifasidagi nazoratchi Bulat Galeev baholab borgan.
21 may, chorshanba kuni ushbu uchrashuv tahlili yuzasidan O`FF ekspert-hakamlar komissiyasi yig`ilishi bo`lib o`tdi. Mutaxassislar uchrashuvning e`tiborga molik uchta vaziyati – 42-daqiqada «Navbahor» o`yinchisi Rahmatullo Berdimurodovga ko`rsatilgan birinchi sariq kartochka, 75-daqiqada Berdimurodovga ko`rsatilgan ikkinchi sariq kartochka, shuningdek, 90+4-daqiqada «Navbahor» o`yinchisi Yuriy Rijkoga ko`rsatilgan qizil kartochka va «Navbahor» darvozasiga belgilangan penaltiga e`tibor qaratishdi.
Ekspertlar xulosasiga ko`ra, Rahmatullo Berdimurodovga birinchi sariq kartochka futbolchi raqibini qasddan chalib yiqitgani uchun, ikkinchi sariq sariq kartochka esa futbolchi «Navbahor» foydasiga jarima zarbasi belgilanganidan so`ng to`pni qasddan otib yuborgani va o`yinning qayta boshlanishini kechiktirgani uchun haqqoniy ravishda ko`rsatilgan. Ushbu vaziyatlarda uchrashuv bosh hakami Sherzod Qosimov to`g`ri harakat qilgan.
Uchrashuvning 90+4-daqiqasida «Navbahor» o`yinchisi Yuriy Rijko o`z jarima maydonchasi ichida harakatlanayotib, avvaliga «Paxtakor» jamoasi o`yinchisi Egor Krimetsni qo`pollik bilan turtib yuborgan, shundan so`ng o`ng qo`li tirsak qismi bilan uning iyagiga zarba bergan. Ushbu holatda uchrashuv bosh hakami Sherzod Qosimov Rijkoga haqqoniy qizil kartochka ko`rsatgan va «Navbahor» darvozasiga 11 metrli jarima zarbasi belgilagan.
«Uchrashuv yakuniy natijasiga ta`sir qilmagan ahamiyatsiz xatolarni istisno qilganda, umuman brigada o`yinni yaxshi o`tkazdi», - deyiladi ekspert-hakamlar komissiyasi xulosasida.
Ma`lumot uchun, O`zbekistonning umidli yosh hakamlaridan biri hisoblangan Sherzod Qosimov boshchiligidagi hakamlar brigadasi 26 may, dushanba kuni «Metallurg» (Bekobod) va «Dinamo» (Samarqand) jamoalari o`rtasidagi O`zbekiston Kubogi nimchorak final javob o`yinini boshqarib boradi.