Aleksandr Volkov: «Shogirdlarimga tajriba etishmadi»

15.05.2014

Aleksandr Volkov: «Shogirdlarimga tajriba etishmadi»

14 may, chorshanba kuni «Bunyodkor» OChL-2014dagi ishtirokini yakunladi. Saudiya Arabistonining «Al-Hilol» jamoasiga qarshi nimchorak final javob o`yinida «Bunyodkor» futbolchilari yirik – 0:3 hisobida imkoniyatni boy berishdi. Toshkentda o`tgan birinchi o`yinda ham «Al-Hilol» 1:0 hisobida g`alaba qozongan edi.

Uchrashuvdan so`ng bo`lib o`tgan matbuot anjumanida «Bunyodkor» bosh murabbiyi vazifasini bajaruvchi Aleksandr Volkov bunday ko`p tomoshabin (uchrashuvni 40 mingdan ortiq muxlis stadiondan kuzatib bordi) ko`z oldida ilk bor to`p surayotgan aksariyat shogirdlariga tajriba etishmaganini tan oldi.

«Bugun qiziqarli uchrashuv guvohiga aylandik, «Al-Hilol»ni g`alaba bilan tabriklayman, ular bugun yaxshiroq o`yin namoyish etishdi. Biz esa o`zimizni yaxshi tomondan ko`rsata olmadik. Tarkibimizda yosh o`yinchilar ko`p, ularga tajriba etishmadi», - dedi Volkov.

«Biz futbolchilarimizdan har doimgi o`yinlarini ko`rsatishin so`ragandik, biroq ular buni uddalay olishmadi, chunki ular bu qadar ko`p tomoshabin oldida ilk bor to`p surishayotgandi. Kelajakda bundan-da yaxshiroq natijalar ko`rsata olishimizga umid qilamiz», - deya qo`shimcha qildi «Bunyodkor» ustozi.

«Al-Hilol» ustozi Sami al-Jabir esa «Bunyodkor»ga qarshi ikkinchi o`yinda ham shogirdlariga oson bo`lmaganini qayd etib o`tdi.

«Bunyodkor»ga qarshi ikkinchi o`yin ham oson bo`lgani yo`q, o`yinchilar katta mehnat qilishdi va buning uchun ularga minnatdorchilik bildiraman. Biz yaxshi sermahsullik namoyish etib, uyda ham, safarda ham yaxshi o`yin ko`rsata olishimizni isbotladik», - dedi Sami al-Jabir.

«Biz birinchi o`yin natijasini unutgan holda, raqibimizga nisbatan hurmatni saqlab qoldik. Shogirdlarimga har taym boshida hujumga o`tish haqida ko`rsatma bergandim, oxir-oqibat, biz yirik g`alabaga erishib, keyingi bosqichga yo`l oldik», - dedi «Al-Hilol» bosh murabbiyi.
 

cola
apex
mib
mib
mib
mib