O`zbekiston Chempionatining aprel oyidagi eng yaxshi murabbiyi va o`yinchisini aniqlash bo`yicha jurnalistlar o`rtasida o`tkazilgan so`rovnomada ketma-ket ikkinchi oy «Paxtakor» vakillari tengsiz deb topildi. Xususan, «Paxtakor» bosh menejeri Samvel Babayan ikkinchi marta oy murabbiyiga aylangan bo`lsa, jamoa himoyachisi Egor Krimets aprelning eng yaxshi futbolchisi sifatida tanlandi.
O`zbekiston chempionatining aprel oyidagi eng yaxshi futbolchisi va murabbiyini aniqlash bo`yicha OAV xodimlari, jurnalistlar o`rtasida o`tkazilgan so`rovnoma 5-9 may kunlari bo`lib o`tdi. So`rovnomada jurnalistlar Oliy Liga va Birinchi Liga klublarida faoliyat olib borayotgan jami 11 nafar murabbiy va 25 nafar futbolchini g`oliblikka da`vogar sifatida ko`rsatishdi.
Murabbiylar o`rtasidagi kurashda «Paxtakor» bosh menejeri Samvel Babayan bir xilda ochko to`plagan «Bunyodkor» bosh murabbiyi vazifasini bajaruvchi Aleksandr Volkov hamda «Navbahor» bosh murabbiyi Baxtiyor Ashurmatovni 25 ballga ortda qoldirib, aprel oyining eng yaxshi murabbiyi deb topildi. Ushbu mutaxassis qo`l ostida «Paxtakor» aprel oyida O`zbekiston Oliy Ligasi va Kubogi bahslarida jami to`rtta o`yin o`tkazib, ularning barchasida g`alaba qozondi. Ushbu natijalar samarasi o`laroq, jamoa ayni vaqtda Oliy Liga jadvalida eng yaqin ta`qibchisi hisoblangan «Lokomotiv» va «Bunyodkor» jamoalarini to`rt ochkoga ortda qoldirmoqda.
Futbolchilar orasida esa aprel oyi yakunlariga ko`ra «Paxtakor» himoyachisi Egor Krimetsga teng keladigan futbolchi topilmadi. Himoyachi bo`lishiga qaramasdan, Krimets jamoasining muhim va oson bo`lmagan g`alabalariga munosib hissa qo`shdi. Jumladan, futbolchi tomonidan «Olmaliq»ga qarshi o`yindagi yagona gol va «Dinamo»ga qarshi qiyin kechgan safar o`yinidagi so`nggi daqiqalarda kiritilgan hal qiluvchi gol «Paxtakor»ga qimmatli ochkolarni keltirdi. E`tiborli tomoni, futbolchi o`zining to`purarlik qobiliyatini may oyida ham davom ettirmoqda.
Ma`lumot o`rnida, mart-noyabr oylarida o`tkaziladigan Oyning eng yaxshi futbolchisi va murabbiyi tanlovilarining natijalari umumlashtirib chiqiladi va natijalardan kelib chiqib, O`zPFLning 2014 yildagi eng yaxshi futbolchisi va murabbiyi nomi aniqlanadi.
«Oyning eng yaxshi o`yinchisi» so`rovnomasi aprel oyi kuchli beshligi:
1. Egor Krimets («Paxtakor») – 72 ball.
2. Iivan Nagaev («Lokomotiv») – 53 ball.
3. Sardor Rashidov («Bunyodkor») – 23 ball.
4. Oleg Zoteev («Bunyodkor») – 17 ball.
5. Artur Gevorkyan («Nasaf») – 16 ball.
«Oyning eng yaxshi murabbiyi» so`rovnomasi aprel oyi kuchli beshligi:
1. Samvel Babayan («Paxtakor») – 67 ball.
2-3. Aleksandr Volkov («Bunyodkor») – 42 ball.
2-3. Baxtiyor Ashurmatov («Navbahor») – 42 ball.
4. Vadim Abramov («Lokomotiv») – 40 ball.
5. Edgar Gess («Buxoro») – 31 ball.