«Olmaliq» – «Metallurg» uchrashuvi bilan 23-O`zbekiston Chempionati 1-tur uchrashuvlari yakuniga etdi.
Uchrashuv davomida bekobodliklar ikki marta hisobda oldinda borishdi, biroq maydon egalari o`yin borishini o`zgartirishga muvaffaq bo`lib, oxir-oqibat irodali g`alabani qo`lga kiritishdi – 3:2.
1-turning dastlabki olti o`yini 15 mart, shanba kuni o`tkazilgan edi.
Oliy Liga 2-turida «Olmaliq» o`z maydonida «So`g`diyona»ni qabul qilsa, «Metallurg» Samarqandda «Dinamo» mehmoni bo`ladi. Har ikkala o`yin 23 mart, yakshanba kuni o`tkaziladi.
Oliy Liga, 1-tur uchrashuvi
16 mart, yakshanba
«Olmaliq» (Olmaliq) – «Metallurg» (Bekobod) 3:2. 12105 tomoshabin.
Hakamlar: T. To`xtasinov (Andijon), R. G`opurov (Namangan), M. Majidov (Namangan), I. Xudoydotov (Toshkent).
Nazoratchi: R. Aytekov (Toshkent).
Komissar: F. Magametov.
«Olmaliq»: 1. Maqsatmurod Shomurodov, 3. Shavkat Mullajonov, 4. Abduqahhor Hojiakbarov, 9. Zafar Polvonov, 10. Sanjar Shoahmedov, 11. Zohir Pirimov (5. Azamat Isroilov, 65), 15. Obid Jo`raboev, 18. Dilyaver Abibullaev, 20. Darko Stanoevich, 21. Aleksandr Alempievich (19. Sherzod Hakimov, 70), 22. Iqbol Akramov (24. Diyor Turopov, 46).
«Metallurg»: 1. Ma`mur Ikromov, 4. Hikmat Hoshimov, 6. Dilmurod Karimov, 7. Doniyor Odilov, 8. Sunnatilla Mamadaliev, 9. Shaxzodbek Nurmatov (23. Mirto`ra Akbarov, 43), 10. Shoxnazar Norbekov, 14. Davron Karimqulov, 15. Alisher Ziyoviddinov, 21. Sardor Rasulov (77. Sardor Soibov, 58), 22. Murod Toshmatov.
Gollar: D. Abibullaev (36), Sh. Hakimov (75), D. Turopov (85) – Sh. Nurmatov (34), S. Mamadaliev (61).
Eng yaxshi o`yinchilar: M. Shomurodov – A. Ziyovutdinov.
Uchrashuvdan so`ng
Igor Shkvirin, «Olmaliq» bosh murabbiyi: «Bugun o`yindan qoniqmadim, futbolchilar ham shu fikrda bo`lsa kerak, Raqib juda yaxshi o`yin namoyish etdi. Agar shunday o`ynashda davom etsa, jamoa yuqori o`rinlar uchun kurasha olishi mumkin. Bu jamoa o`yinlarini Turkiyada ham kuzatgandik. Biz esa negadir bugun so`nggi uch oydagi eng yomon o`yinimizni o`tkazdik. Bunga nima sabab bo`ldi, yangi stadion ochilishidagi hayajonmi yoki o`yinga tayyorgarlikda ko`p e`tibor qaratilganimi. Buni asablar joyiga kelganidan so`ng, aniqlashga harakat qilamiz. Kecha shu stadionda o`tgan mashg`ulotdan futbolchilarni deyarli haydab chiqargandik. Balki shu hayajon bugun ularga halal bergandir».
Rustam Mirsodiqov, «Metallurg» bosh murabbiyi: «Avvalo barchani yangi stadion ochilishi bilan tabriklayman. Olmaliqda barcha talablarga javob beradigan stadion qurilgani quvonarli. Bugungi o`yinda omad mezbonlarga kulib boqdi. Hisobda oldinga chiqqan bo`lsakda, hisobni o`z foydamizga saqlab qola olmadik. Jamoa tarkibida yosh futbolchilar ko`p, ularni yaxshi natija ko`rsatishi uchun vaqt kerak bo`ladi. Jamoaning hozirgi jismoniy holati ancha yaxshi. Keyingi o`yinlarda ijobiy natijalar qayd etish ustida ishlashda davom etamiz».
Xabar «Olmaliq» FK matbuot xizmati yordamida tayyorlandi.