2014 yilgi O`zbekiston Superkubogi Toshkentning «Bunyodkor» jamoasiga nasib etdi. E`tiborli tomoni, «Bunyodkor» futbolchilari 2013 yilning ikki asosiy musobaqasi – Oliy Liga va Kubok bahslarida ham g`olib chiqqan, har ikkala musobaqada ham «Lokomotiv»ni ortda qoldirishga muvaffaq bo`lgandi.
O`zbekiston Superkubogi uchrashuvidan so`ng tashkil etilgan matbuot anjumanida «Lokomotiv» jamoasi bosh murabbiyi Vadim Abramov «Bunyodkor»ni sovrin bilan tabrikladi.
«Avvalo, «Bunyodkor»ni g`alaba bilan tabriklaymiz. O`yin muxlislarga yoqadigan darajada qiziqarli bo`ldi, deb o`ylayman. Teng kechgan o`yinda o`zimizning xatolarimiz sabab mag`lubiyatga uchradik. Bugungi o`yinda kimlarniki asosiy tarkibda tushirgan bo`lsak, ana shu futbolchilar boshqalardan ko`ra yaxshiroq tayyorgarlikka ega edi», - dedi Abramov.
«Biz umuman noto`g`ri o`ynadik. Shuning uchun ham bugungi o`yinda mag`lubiyatga uchradik. To`g`ri, birinchi o`yindan hammasi yaxshi bo`lmaydi, hamma ham yaxshi o`ynab ketmaydi. Umuman olganda, bizda yaxshi jamoa bor, yaxshi o`yinlarimiz hali oldinda, deb umid qilaman», - deya qo`shimcha qildi «Lokomotiv» bosh murabbiyi.
Mirjalol Qosimov ham O`zbekiston Superkubogi uchrashuvi muxlislarga yoqqaniga umid bildirdi.
«Qiziqarli o`yin bo`ldi. Bir-birini yaxshi biladigan ikki jamoa o`zaro tezkor o`yin ko`rsatdi. Menimcha, o`yin hammaga ham ma`qul keldi. Bugun ikki munosib jamoa g`oliblik uchun harakat qildi. «Lokomotiv»da yaxshi o`yinchilar yig`ilgan, jamoa juda yaxshi va uning salohiyati yuqori», - dedi Qosimov.
«Bunyodkor» ham, «Lokomotiv» ham jismoniy jihatdan hali yuz foizga tayyor emas. Biz mavsum boshidamiz. Bunga o`yin davomida guvoh bo`ldik. Ikki jamoa bundan ham yaxshi o`yin ko`rsata oladi, deb o`ylayman va bizni qiziqarli chempionat kutmoqda. Yuzaga keltirgan vaziyatlarimizdan foydalanib, g`alabani qo`lga kiritdik», - dedi «Bunyodkor» ustozi.