Qosimov uchun tayyorgarlik, Abramov uchun esa sovrin yutish imkoniyati

06.03.2014

Qosimov uchun tayyorgarlik, Abramov uchun esa sovrin yutish imkoniyati

O`zbekiston Superkubogi uchrashuvi shu vaqtgacha faqat bir marta o`tkazilgan – 1999 yili Farg`onada bo`lib o`tgan hal qiluvchi bahsda 1998 yilgi O`zbekiston chempioni «Paxtakor» va 1998 yilgi O`zbekiston Kubogi sohibi «Navbahor» o`zaro maydonga tushgan va uchrashuv 4:2 hisobida namanganlik futbolchilar foydasiga hal bo`lgan.

Oradan o`n olti mavsum o`tib yana O`zbekiston Superkubogi uchrashuvi o`tkazilmoqda. 7 mart, juma kuni Toshkentdagi «Jar» stadionida «Lokomotiv» va «Bunyodkor» jamoalari navbatdagi sovrin uchun maydonga chiqishadi. «Bunyodkor» 2013 yilgi O`zbekiston chempioni va Kubogi sohibi sifatida ushbu uchrashuvda to`p surish imkoniyatini qo`lga kiritgan bo`lsa, o`tgan mavsumning har ikkala sovrini bir jamoaga nasib etgani munosabati bilan, Oliy Liga-2013 vitse-chempioni «Lokomotiv» Superkubok bahsida «Bunyodkor»ga raqib bo`ladigan bo`ldi.

Qur`a natijasiga ko`ra, «Lokomotiv» O`zbekiston futboli tarixidagi ikkinchi Superkubok mezboniga aylandi. Uchrashuv arafasida tashkil etilgan jamoa vakillari uchrashuvida bo`lajak uchrashuvda «Bunyodkor» oq, «Lokomotiv» esa qizil libosda o`ynashiga kelishib olingan. Shuningdek, jamoalar kelishuviga ko`ra, agar o`yin asosiy vaqti durang natija bilan tugasa, g`olibni aniqlash uchun darhol penaltilar seriyasiga murojaat qilinadi.

6 mart, payshanba kuni O`FF anjumanlar zalida har ikkala jamoa murabbiylari va futbolchilari ishtirokidagi o`yinoldi matbuot anjumani bo`lib o`tdi. O`z fikrlari bilan o`rtoqlasharkan, «Bunyodkor» bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov Superkubok bahsiga 11 mart kuni OChL-2014 guruh bosqichi doirasidagi o`yinga tayyorgarlik sifatida qarayotganini ma`lum qildi.

«Bizni 11 mart kuni OChLda muhim o`yin kutib turibdi, shu sabab ham Superkubok yaxshi tayyorgarlik vazifasini o`taydi. Lekin bu ertaga biz o`ynamaymiz, degani emas. Biz har doimgidek maydonga chiqib, yaxshi o`yin ko`rsatishga harakat qilamiz. «Lokomotiv» yaxshi murabbiyi bor yaxshi jamoa va bizni ertaga qiziqarli o`yin kutib turibdi», - dedi Qosimov.

Qosimovning ta`kidlashicha, OChL-2014 guruh bosqichi 1-turi doirasidagi Saudiya Arabistonining «Al-Fath» jamoasiga qarshi o`yindan keyin unda Superkubok va unda maydonga tushishi mumkin bo`lgan «Bunyodkor» tarkibi to`g`risida etarlicha vaqt bo`lmagan.

«To`g`risi, Saudiyadan kelgandan keyin, terma jamoa bilan band bo`lib, Superkubok uchun tarkib haqida o`ylashga vaqt bo`lmadi. Biz Superkubok uchrashuvi uchun asosan yoshlar tarkibini tushirmoqchi edik, biroq O`FF va O`zPFLga nisbatan hurmatsizlik bo`lardi. Shu sabab biz «Lokomotiv»ga qarshi aralash tarkibni tushirishni rejalayapmiz», - dedi Qosimov.

O`z navbatida, «Lokomotiv» bosh murabbiyi Vadim Abramov «Bunyodkor»ga qarshi o`yinda O`zbekiston milliy terma jamoasining 5 mart kuni BAAga qarshi o`yiniga jalb etilgan futbolchilardan foydalanmasligini ma`lum qildi.

«O`zbekiston Superkubogi uchrashuvining o`tkazilishi muxlislar uchun bayram va ertaga ularga yoqadigan o`yin bo`lali, deb umid qilaman. Terma jamoaning kechagi o`yiniga jalb etilgan o`yinchilardan ertangi o`yinda umid qilmayapman. Ular 26 fevraldan beri biz bilan birga bo`lmadi, ularning aniq holati qandayligini ham bilmayman. Buning ustiga, terma futbolchilarini tushirsak, o`tgan vaqt davomida biz bilan birga ishlagan futbolchilarga nisbatan adolatsizlik ham bo`ladi», - dedi Abramov.

«Lokomotiv» bosh murabbiyi jamoasi mavsumni sovrin bilan boshlashga harakat qilishini aytib o`tdi.

«Superkubok – o`z nomi bilan Superkubok. Har doim ham bunday sovrin yutish imkoniyati bo`lavermaydi. Bizning sovrinlarimiz «Bunyodkor»nikichalik ko`p emas. Agar ularga kerak bo`lmasa, Superkubokni o`zimiz olishga rozimiz – agar xohlashsa, yozib berishsin, o`ynamasdan ham olaveramiz sovrinni», - deya hazil aralash fikr bildirdi «Lokomotiv» bosh murabbiyi.

Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Superkubogi uchrashuvi 7 mart, juma kuni «Jar» stadionida 15:00da boshlanadi. Uchrashuvni Ravshan Ermatov boshchiligidagi hakamlar brigadasi boshqarib boradi. Uchrashuv chiptalari 5 martdan e`tiboran sotuvga chiqarilgan.

cola
apex
mib
mib
mib
mib