26 fevral, chorshanba kuni Toshkentdagi Miran International mehmonxonasida Oliy va Birinchi Liga futbol klublari matbuot kotiblari uchun seminar bo`lib o`tdi. Seminarni OFK Media departamenti boshlig`i Chetan Kulkarni olib bordi.
Seminarni O`FF Birinchi vitse-prezidenti Sardor Rahmatullaev va O`zPFL bosh direktori Farhod Magametov kirish so`zi bilan ochib berdi. «Ushbu seminar klublarimiz matbuot xizmatlari faoliyatiga yordam beradi, foydali bo`ladi, deb umid qilamiz», - dedi O`zPFL rahbari.
«O`zbekistonda shunday seminar tashkil etilgani va unga taklif etishgani uchun rahmat. Biz, OFKdagilar, O`zbekistonda shunday seminar tashkil etilayotganini bilib, juda ham xursand bo`ldik. Bunyodkor», «Paxtakor», «Nasaf»ni Osiyoda hamma biladi, bugungi seminar qolgan klublarni tanitishga ham yordam beradi umididaman», - dedi Kulkarni.
Seminarning birinchi qismida OFK Media departamenti rahbari OAVni klublar ishtirokidagi o`yinlarda akkreditatsiyadan o`tkazish tartibi va o`ziga xosliklari, volontyorlar bilan ishlash, futbol uchrashuvlarini tashkil etishda volontyorlar xizmatidan foydalanish, shuningdek, o`yindan avval, o`yin vaqtida va o`yindan keyingi tadbirlar vaqtida OAV xodimlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratib berish bo`yicha o`z tajribalari bilan o`rtoqlashdi.
OFKning minimal talablariga ko`ra, stadionda jurnalist uchun eng kamida stol, stul, elektr ta`minoti va Internet bo`lishi kerak. Kulkarnining aytishicha, eng minimal talablarni ham matbuot kotibi bir o`zi amalga oshira olmaydi, bunda klub rahbariyati ko`mak berishi kerak. «Toki biz professional bo`lmoqchi ekanmiz, eng minimal talablarga javob berishimiz kerak», - dedi Kulkarni.
Seminarning ikkinchi qismida OAV bilan aloqalarni yo`lga qo`yish masalasiga alohida urg`u berildi. Kulkarnining tushuntirishicha, «klubingiz haqida OAV qancha ko`p yozsa, qancha ko`p diqqat markazda bo`lsa, homiy topish ham shuncha oson bo`ladi». O`z navbatida, OFK Media departamenti boshlig`i Chetan Kulkarni matbuot kotiblariga o`z klublari veb-saytlarini ingliz tilida ham yuritishni tavsiya qildi.
«Ingliz tilidagi sayt o`zbekchasi kabi to`liq va batafsil bo`lmasin, mayli. Klub haqida, o`yinchilar haqida ma`lumot bo`lsin, etarli. Xabarlar ham qisqacha berib borilsa, o`zbek futboliga qiziquvchi ingliz tilida so`zlashuvchilar uchun foydali bo`ladi», - degan Chetan Kulkarni, OAV va jamoatchilik bilan ishlashda Twitter, Facebook va boshqa shu kabi sotsial media imkoniyatlaridan imkon qadar keng foydalanishni tavsiya qildi.
Seminar so`nggida uning ishtirokchilari – klub matbuot kotiblariga sertifikatlar topshirildi. Shu bilan bir kunlik seminar o`z nihoyasiga etdi.