Noil Lutfullin: «Hakamlarni baholab borish tizimiga o`zgartirishlar kiritildi»

21.02.2014

Noil Lutfullin: «Hakamlarni baholab borish tizimiga o`zgartirishlar kiritildi»

Oliy va Birinchi Liga, futbol bo`yicha O`zbekiston Kubogi hamda boshqa musobaqalar uchun hakam va nazoratchilarni malakasini oshirish maqsadida jismoniy tayyorgarlik, hakamlar va nazoratchilar uchun o`yin qoidalari bo`yicha attestatsiyadan o`tish haqida O`FF prezidenti buyrug`i e`lon qilingan edi.

Unga ko`ra, 2014 yilgi mavsum Oliy va Birinchi Liga, shuningdek O`zbekiston Kubogi hamda boshqa musobaqalardagi hakamlik saviyasi va sifatini oshirish maqsadida 20 yanvar - 22 fevral kunlari futbol qoidalari va jismoniy tayyorgarlik bo`yicha attestatsiya jarayoni va ular uchun o`quv-mashg`ulot yig`inlarini tashkil etish tashkil etildi.

O`FF hakamlar va nazoratchilar boshqarmasi boshlig`i Noil Lutfullin mazkur yig`in yakunlariga to`xtalar ekan, unga jalb etilgan hakam va nazoratchilarning barchasi ham imtihonlardan o`ta olmaganini ta`kidladi.

«Yangi mavsum oldidan o`tkazilgan yig`inga jalb etilgan barcha hakam va nazoratchilarni sinovdan o`tkazdik. Ushbu yig`in va attestatsiya davomida jami 137 nafar hakam va nazoratchilar nazariy va jismoniy tayyorgarlik bo`yicha normativlarni topshirishdi. Aytish lozim, yig`inga jalb etilgan barcha hakam va nazoratchilar sinovlardan o`ta olishmadi. Jami 25 nafar hakam va 6 nafar nazoratchilar ushbu imtihonlardan o`ta olishmadi», - deydi Lutfullin.

O`FF hakamlar va nazoratchilar boshqarmasi boshlig`ining aytishicha, yangi mavsumda Oliy va Birinchi Liga o`yinlari, Kubok o`yinlarida ishlaydigan hakam va nazoratchilar ro`yxati 24 fevral, dushanba kuni Qo`mita yig`ilishida tasdiqlanadi.

Deyarli bir oy davomida o`tkazilgan yig`in yakuni borasida to`xtalar ekan, Noil Lutfullin imtihonlardan o`ta olmagan hakam va nazoratchilarning soni kutilganidan biroz ko`pligini alohida ta`kidladi.

«Oliy sport mahorati respublika maktabini tugatgan va imtihonlarga viloyatlardan tashrif buyurgan hakamlar deyarli yil davomida malakasiz qolib ketishmoqda. Viloyat Federatsiyaalari bu borada hakam va nazoratchilar uchun vaqti-vaqti bilan o`quv-seminarlarini tashkil etib turishsa maqsadga muvofiq bo`lar edi».

«Qolaversa, ayrim viloyatlarda Ikkinchi Liga bahslari o`tkazilmasligi ham bunga qisman ta`sir ko`rsatadi. Ikkinchi Liga bahslari hakamlar uchun kichik bo`lsada imtihon vazifasini o`taydi», - deya qo`shimcha qildi Lutfullin.

Ta`kidlash lozim, yangi mavsumdan boshlab hakamlarni baholab borish tizimiga o`zgartirishlar kiritildi. Yangi mavsumda uchrashuv hakamlari va laynsmenlarini boshqarib boradigan nazoratchilar o`yindan keyin to`ldiradigan raportiga o`zgaradi.

«Bu yildan boshlab, uchrashuv nazoratchilari o`yindan keyin to`ldiradigan raportiga bir qator o`zgarishlar kiritiladi. Unga ko`ra, nazoratchilar hakamlarning o`yinini baholashda ilgari shart bo`lmagan yana bir qator mezonlar qo`shildi. Bu yilgi mavsumdan e`tiboran Chempionat o`yinlarining markaziy o`yinlarini boshqaradigan hakamlar va markaziy bo`lmagan, o`rtamiyona jamoalarning o`yinlarini boshqaradigan hakamlarning baholari bir biridan farq qiladi. Nazoratchilarga bu borada etarlicha ko`rsatmalar berilgan va ular yangi raportlar bilan tanishib chiqishga ulgurishdi», - dedi Lutfullin.

Bunday o`zgartirishlarning joriy qilingani sababi, teng kuchli jamoalar va autsayderlar o`rtasidagi o`yinni boshqarib boradigan hakamlar orasidagi tafovut bilan izohlandi.

«Markaziy o`yinlarni boshqarib borish doimo og`ir. Shunday vaziyatlar bo`lganki, ikki kuchli jamoa o`rtasidagi o`yinni boshqarib borgan hakam, o`rtamiyona boshqa bir jamoalar o`yinini boshqarib borgan hakamdan ko`ra, nazoratchi tomonidan kamroq baho oladi. Bu esa, yakunda ularning umumiy baholariga ta`sir qilishi mumkin. Albatta, markaziy o`yinlarni boshqarib boradigan hakamning saviyasi, boshqa o`yinlarni boshqaradigan hakamlarnikidan ko`ra yuqori. Lekin, ma`lum bir o`yinda nazoratchidan pastroq baho olishi mumkin. Shuning uchun ham, kelayotgan mavsumda bu baholash tizimiga o`zgartirish kiritildi».

Ma`lumot o`rnida, ta`kidlash joiz, bu yildan e`tiboran FIFA tasarrufiga kiruvchi musobaqalarni boshqarib boradigan hakamlarimiz soni yana ko`paydi.

Buxorolik FIFA referisi Ilgiz Tantashev bu yildan e`tiboran FIFAning elit hakamlari ro`yxatiga kirishga muvaffaq bo`ldi. Bu FIFA va OFK musobaqalarini boshqarib boriadigan o`zbekistonlik hakamlar soni yana ko`payganidan dalolat. Dekabr oyida BAAda bo`lib o`tgan OFK hakamlari attestatsiyasida jismoniy tayyorgarlik va futbol qoidalari bo`yicha nazariy-amaliy imtihonlarda o`zbekistonlik 10 nafar hakam Osiyolik hakamlar orasida eng yuqori ko`rsatkichni qayd etganlar.

cola
apex
mib
mib
mib
mib