O`FF Prezidenti Terma jamoalar markazi faoliyatidan norozi ekanligini bildirdi

19.02.2014

O`FF Prezidenti Terma jamoalar markazi faoliyatidan norozi ekanligini bildirdi

O`zbekiston Futbol Federatsiyasi Prezidenti Mirabror Usmonov Murabbiylar kengashining navbatdagi majlisida Terma jamoalar markazining faoliyatidan norozi ekanligini ma`lum qildi.

O`zbekiston Futbol Federatsiyasining Prezidenti huzuridagi Murabbiylar Kengashining navbatdagi majlisida gapirgan O`FF Prezidenti Mirabror Usmonov ikki asosiy masalaga e`tiborni qaratdi.

Mirabror Usmonov Federatsiya tarkibida Terma jamoalar markazining tashkil qilinishi oldingi tashlangan qadam bo`lganini alohida ta`kidlagan bo`lsada, tashkilotning bugungi faoliyatidan qoniqmayotganini aytib o`tdi.

«Biz markaz uchun u tashkil qilingan kundan buyon qanchadan-qancha sarf harajatlar qildik», - deydi Mirabror Usmonov. «Kerakli sharoit yaratib berilsin uchun markaz rahbariyatining asoslab berilgan taklif va mulohazalarini qabul qilib, tashkilot faoliyatini kuchaytirish yo`lidagi har bir ishini qo`llab-quvvatladik. Pulni ayamadik. Bugungi kunga kelib esa Terma jamoalar markazi katta tashkilotga aylandi. Mubolag`a bo`lmasa, Federatsiya tarkibidagi federatsiyadan ham ishchisi ko`p, shtat jadvali juda katta tashkilotga aylandi».

Mutaxassis va ishchilari tobora ko`payib borayotganiga qaramay markaz faoliyatining o`sishi tushib ketayotganligi Mirabror Usmonovning diqqat e`tiborida bo`ldi. Mirabror Usmonovning aytishiga qaraganda birgina Terma jamoalar markazi uchun 2013 yilda 10 milliard so`m miqdorida harajat qilingan. Yildan-yilga bu harajatlarning oshib borishiga qaramay, markaz faoliyatida o`sish kuzatilmayotgani Mirabror Usmonovni qattiq tashvishga solayapti.

Yil avvalida Ijroiya Qo`mitasi majlisida O`FFning 4 yillik tayyorgarlik dasturi tasdiqlandi. Federatsiya tarkibidagi barcha strukturaga dahldor 6 ta Ijroqo`m Qarori e`lon qilindi. Futbolni orqaga tortayotgan illatlar, muammo va kamchiliklarga qarshi kurashish bo`yicha alohida topshiriqlar berildi.

«Bularning barchasi faqat bir maqsad yo`lida – terma jamoalarni kuchaytirish uchun qilinayapti», - deydi O`FF Prezidenti. «Kuchli terma jamoa degani, avvalo kuchli milliy chempionat degani. Bu gapni bir necha o`n yillardan beri qaytarib kelamiz. Lekin, kuchli terma jamoa qurish uchun kuchli chempionat tashkil qilish yo`lidan bordikmi hech? To`g`ri, o`smirlar va yoshlar terma jamoalarining yutuqlari ham bo`ldi, ammo nega biz bu muvaffaqiyatlarga aldanishimiz kerak?»

Bu bilan milliy terma jamoa mavzusini ochgan Mirabror Usmonov, Terma jamoalar markazi futbolchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlari, ruhshunos bilan ishlash masalalar juda sust yo`lga qo`yilganini tanqid qildi. Ayniqsa, milliy terma jamoa futbolchilarining ko`zlari yonib, vatan uchun maydonda jon-jahdi bilan o`ynamasligi yuzasidan Markaz direktori Asqar Tolibjonov, texnik direktor Rustam Akramov, shuningdek, bosh murabbiy Mirjalol Qosimovlarga murojaat qilib buning sababini so`radi.

«Futbolchilarning yaxshi o`ynashi uchun ularga do`q-po`pisa qilish yoki, kechirasizu, so`kinishdan boshqa yo`l qolmadimi? Axir, ular shakllangan, ulg`ayib bo`lgan kap-katta odamlarku. Balki, ular bilan boshqacha gaplashish kerakdir. Men bosh murabbiy emasman, to`g`ri, lekin, mana siz, mening qarshimdagi mutaxassislar aytsin, nahotki futbolchilarni ruxlantirishning, ularning ko`ngillariga yo`l topishning va fidokorlik bilan futbol o`ynatishning boshqa ilojisi bo`lmasa?!», - deya kuyinib gapirdi.

Mirabror Usmonov Terma jamoalar markazining O`zbekiston Professional Futbol Ligasi bilan birgalikda kelishib ishlashi, o`zaro hamkorlik qilishi to`g`risida ham alohida to`xtalib o`tdi. Usmonovning so`zlariga ko`ra, Markaz va PFL shunday ishlashi kerakki, bu hamkorlikdan ham milliy chempionat ham terma jamoalar manfaatdor bo`lishi kerak.

Mirabror Usmonov, shuningdek, ayrim terma jamoa mutasaddilarining OAVdagi mantiqsiz intervyularini ham tanqid qildi.

«Ummonda o`tkazilgan 22 yoshgacha bo`lgan futbolchilar o`rtasidagi Osiyo chempionatidagi omadsiz ishtirokidan keyin Terma jamoalar markazi mutasaddilarining televidenie, radio va gazeta orqali bergan intervyularini ko`rdim, - deb davom etdi Usmonov. «Nima emish, musobaqa yanvarda o`tkazilganligi sababli terma jamoamiz Ummondagi musobaqada mag`lubiyatga uchrabdi. Endi aytingchi, Siz turnirning yanvarda o`tkazilishini kecha bildingizmi? Yanvardaligini bila turib, nega etarlicha tayyorgarlik ko`rmadingiz? Ertaga Osiyo Kubogi yanvarda o`tkazilsa, yana nimalar deysizlar?»

Mirabror Usmonov Terma jamoalar markazi rahbariyatiga mag`lubiyat uchun kulgili bahonalar o`ylab topish o`rniga ishlashni, masalan, terma jamoa hujumchilari nega gol urmayotganligining ustida bosh qotirish kerakligini maslahat berdi.

«Darvozabonlarimiz – bor. Himoyachilarimiz ham etarli. Yarim himoyachilarimiz ham bordek, lekin qani hujumchilar? Nega gol urishni eplay olmayapti bizning jamoalar? Mutaxassis va futbol professorlari qayoqqa qarayapti, nima qilayapti? Qani ularning foydasi? Ular buning ustida ishlamasa, kim ishlaydi? Necha yildan beri davom etib kelayotgan ushbu muammo yana qanchagacha bizni qiynaydi?» deydi Mirabror Usmonov.

O`FF Prezidenti Mirabror Usmonov terma jamoalarning ish rejalarini ko`rib chiqar ekan, musobaqalarga tayyorgarlik dasturlarini qoniqarsiz deb baholadi. Yil davomida faqat o`quv-mashg`ulot o`tkazishi yozilgan bu ish rejasida bir xillik va konkretlik yo`qligi O`FF rahbarining e`tiroziga sabab bo`ldi.

«Qaerga qarama, o`quv-mashg`ulot yig`ini. Mayli, o`quv-mashg`ulot yig`ini ham kerakdir, ammo shulardan bir nechtasining o`rniga o`rtoqlik uchrashuvlari o`tkazsa bo`lmaydimi? Shu ko`proq foyda bermaydimi?», - deydi Mirabror Usmonov.

Federatsiya Prezidenti yana 1 hafta muddat ichida ish rejalarisini qayta ko`rib chiqib, o`rtoqlik uchrashuvlarini o`tkazish, raqiblar nomini aniq keltirish bo`yicha topshiriq berdi.

Shu bilan birga Aleksey Evstafeev o`z iltimosiga binoan (ikki terma jamoada ishlash ma`suliyati og`ir ekanligini aytib) 1995-yilda tug`ilgan futbolchilardan iborat O`zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyligidan ozod etildi. Mirabror Usmonov uning o`rniga nomzod tanlash bo`yicha ham Markazga topshiriq berdi.

Evstafeev 22-yoshgacha bo`lgan futbolchilardan iborat terma jamoada bosh murabbiy Shuhrat Maqsudovga yordam beradigan bo`ldi.

O`zbekiston U22 terma jamoasida Osiyo chempionati final qismiga yo`llanmani qo`lga kiritish va keyinchalik Olimpiadaga yo`l olish vazifasi yuklandi. Vazifani bajarish uchun kerakli sharoitlar yaratib berilishi ham alohida urg`ulandi.

Shu bilan birga Temur Alimxo`jaev bosh murabbiyligidagi O`zbekiston U16 terma jamoasiga ham Jahon chempionatiga chiqish vazifasi yuklandi.

2014 yilda milliy terma jamoa katta musobaqada ishtirok etmaydi. 2015 yilgi Osiyo Kubogi saralash bosqichining so`nggi turida 5 mart kuni Toshkentda o`tkaziladigan O`zbekiston-BAA uchrashuvida arab jamoasi bilan alohida hisob-kitob borligi, Osiyo chempionatiga yo`llanmani qo`lga kiritish vazifasi qo`lga kiritilgan bo`lsa ham BAA bilan o`yinga jiddiy tayyorgarlik ko`rib, terma jamoaning haqiqiy kuchini namoyish etish vazifasi yuklanganligi yana bir marta esga olindi.

O`FF MATBUOT XIZMATI 

cola
apex
mib
mib
mib
mib